AsosiySport

O`zbekistonlik atletlar bodibilding bo`yicha JChda rekord natija qayd etdi

'O`zbekistonlik atletlar bodibilding bo`yicha JChda rekord natija qayd etdi'ning rasmi

4-6 oktyabr kunlari Toshkentda, O`zbekiston tarixida ilk bora, Bodibilding va jismoniy sport turlari bo`yicha Jahon chempionati bo`lib o`tgani haqida xabar bergan edik. Bellashuv yakunlariga ko`ra, o`zbek sportchilari 10 ta oltin medal sohibi bo`ldilar. 

Osiyo Olimpiya kengashining vise-prezidenti Otabek Umarov ushbu tadbirga quyidagicha izoh berdi: 

"Toshkentda bo`lib o`tgan bodibilding bo`yicha jahon chempionati shunchaki turnir emas, haqiqiy sport bayramiga aylana oldi. Bu faqat mening shaxsiy xulosam emas, balki atletlar, delegatlar va musobaqa mehmonlarining umumiy fikridir. WBPF  rahbariyati aytishicha, hech qaysi birinchilik Toshkentdagidek kabi keng ko`lamga ega bo`lmagan, O`zbekiston esa Humo Arena kabi ulkan inshootni taqdim qilgan holda, tashkiliy jihatdan eng yuqori saviyani ko`p yillar uchun avvaldan namoyon etdi.  Sportchilarimiz ham alohida tahsinga loyiq. Ular tarixda ilk bora erkaklar o`rtasida ham ayollar o`rtasida ham umumjamoa hisobida ikkinchi o`rinni egallab, o`nta oltin medalni qo`lga kiritdilar. Ushbu o`n nafar chempionning timsoli juda ko`plarni sport bilan professional shug`ullanishga bo`lmasa ham, kamida sog`lom turmush tarziga ilhomlantirganiga ishonchim komil".

O`zbekiston Respublikasining vakillari qatoridan oltin medal sohibi bo`lgan sportchilar:

●  Model-fizik (ayollar), 21 yoshgacha yuniorlar uchun - Evelina Yusupova;

●  Model-fizik (ayollar) ochiq toifa: Elena Bekirova.

●  Bodibilding (erkaklar) 75 kg gacha - Jahongir Jo`raev; 85 kg gacha - Farhod Baxriev; 100 kg dan ortiq - Vitaliy Skripachev.

●  Model-fizik (ayollar) 155 sm gacha - Evelina Yusupova; 160 sm gacha - Milena Prudtskix;

●  Sport-fizik (erkaklar) 170 sm gacha - Xait Xasanov; 180 sm gacha - Shuhrat Abdaliev; 180 sm dan - Abrorbek Iminjonov.

Chempionatning uch kuni natijalariga ko`ra, O`zbekiston tarixda ilk bora umumjamoa hisobida ikkinchi o`ringa chiqdi.

Erkaklar umumjamoa hisobida etakchilar:

●  Hindiston - 585 ochko;

●  O`zbekiston - 440 ochko;

●  Eron - 330 ochko.

⠀Ayollar umumjamoa hisobida etakchilar:

●  Vengriya - 515 ochko;

●  O`zbekiston - 425 ochko;

●  Mongoliya - 240 ochko.

Tadbir yakunida WBPF prezidenti Datuk Pol Chua, WBPF bosh kotibi Chetan Patare, ijrochi direktori Kristina Kam, UZFBF federasiyasining prezidenti Odil Abdurahmonov, hamda UZFBF vise-prezidenti Timur Sobirov barcha ishtirokchilarni munosib chiqish bilan tabriklab, turnirning barcha tashkilotchilariga, hamkor va homiylariga hamda 7 SABER sport kiyim brendiga minnatdorlik bildirdilar.

Boshqa yangiliklar