O`zbekistonda bo`lib o`tadigan prezident saylovi bo`yicha EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi missiyasi oraliq hisobotini e`lon qildi.
EXHT DIIHB (Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yichabyurosi) joriy yilning 15 sentyabr kuni O`zbekistonda o`z Missiyasini boshladi. U Toshkentda joylashgan 11 nafar mutaxassisdan iborat.
Shu bilan birga, 24 sentyabrdan boshlab O`zbekistonning barcha viloyatlari bo`yicha taqsimlangan 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar va mahalliy hokimiyat organlari vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazmoqda.
DIIHB Missiyasi ushbu uchrashuvlar natijalariga asoslanib, o`z hisobotida saylov kampaniyasidagi qator ijobiy jihatlar haqida xabar beradi. Xususan, unda barcha tartib-taomillarning muddatlariga saylov organlarining amal qilishi, ya`ni rejalashtirilgan tadbirlar belgilangan sanalarda o`z vaqtida o`tayotgani qayd etiladi.
Hisobotda fuqarolarning saylov jarayoni bilan bog`liq shikoyatlar yo`qligi ma`lum qilingan. MSK, hududiy saylov yoki sud organlariga aholidan biron-bir shikoyat kelib tushmagani qayd etiladi.
Istalgan siyosiy partiya, OAV vakillari va mahalla fuqarolar yig`ini xodimlari saylovlarni kuzatish uchun erkin kirishga haqlidirlar.
EXHT DIIHB o`z hisobotida O`zbekistondagi media makonga o`z e`tiborini qaratgan. Missiya so`nggi yillarda media iqlimning yaxshilanganini ma`qullaydi.
Bugungi kunda O`zbekiston OAV xalq ovozi va “to`rtinchi hokimiyat”ga aylandi. OAVda e`lon qilinayotgan tanqidiy maqolalar e`tiborsiz qolmayapti, davlat organlari ularni tahil qilib, jamiyat bilan muloqotga kirishmoqda. Fuqarolik jamiyati va demokratik institutlar inson huquqlari, jumladan, so`z erkinligining ta`minlanishi uchun keng imkoniyatlarni yaratishmoqda.