2021 yil 1 iyul holatiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ro`yxatga olingan tijorat banklarining umumiy soni 32 tani tashkil etdi, shundan 13 tasi davlat ulushi ishtirokidagi, 5 ta xususiy, 8 ta chet el kapitali ishtirokidagi va 6 ta aksiyadorlik tijorat banklari. Bu haqda O`zbekiston banklari Assosiasiyasi tomonidan AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida aytib o`tildi.
Matbuot anjumani davomida “Ahbor-Reyting” Reyting agentligi rahbari Muxirboy Raximov va O`zbekiston banklari assosiasiyasi, Departament direktori o`rinbosari Sanjar Musaxo`jaevlar ko`plab ma`lumotlarni ochiqladi.

““Ahbor-Reyting” Reyting agentligi – O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 9 noyabrdagi 427-sonli qarori ijrosi yuzasidan tijorat banklariga, sug`urta kompaniyalariga va lizing korxonalariga, qimmatli qog`ozlar emitentlariga, lombardlarga, mikrokredit va boshqa korxonalarga reyting baholash xizmatlarini ko`rsatish maqsadida tashkil qilingan O`zbekistondagi birinchi reyting agentligidir.
O`zbekiston banklar assosiasiyasi tarkibidagi “Ahbor-Reyting” Reyting agentligi – mas`uliyati cheklangan jamiyati, 1996 yildan buyon tijorat banklari, sug`urta kompaniyalari, lizing kompaniyalari, baholash tashkilotlari, qimmatli qog`ozlar chiqaruvchi korxonalar, menejment kompaniyalari, mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va boshqalarga reyting va boshqa zarur axborot-tahlil xizmatlarini ko`rsatib kelmoqda.
2005 yil dekabr oyida “Ahbor-Reyting” reyting agentligi Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo`lib Osiyo kredit reyting agentliklari Assosiasiyasining (Association of Credit Rating Agencies in Asia - ACRAA) a`zoligiga qabul qilindi va Osiyo, Evropa, Amerika va SNG davlatlaridagi etakchi halqaro reyting agentliklari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Milliy reytingni berilishi va uning doimiy monitoringi “Ahbor-Reyting” agentligi tomonidan ishlab chiqilgan reyting bahoni aniqlash va monitoring o`tkazish bo`yicha metodik ko`rsatmalar va tartiblar doirasida amalga oshiriladi. “Ahbor-Reyting” Reyting agentligi tomonidan qo`llaniladigan barcha reyting usullari va tartiblari Osiyo kredit reyting agentliklari Assosiasiyasi (Association of Credit Rating Agencies in Asia - ACRAA) hamkorligida bevosita ko`rsatmasi asosida reyting standartlari va metodikasi talablariga mos holda hamda halqaro qabul qilingan etika normalari asosida ishlab chiqilgan. “Ahbor-Reyting” Reyting agentligining metodologik bazasi iqtisodiyotning bank, sug`urta, lizing, investisiya va boshqa tarmoqlarini o`z ichiga qamrab oladi. Belgilangan masalalarni hal qilish maqsadida “Ahbor-Reyting” reyting agentligi institusional va produktiv reyting yo`nalishini izchil rivojlantirmoqda, ma`lumotlarni yoritish tizimini yaxshilanishiga yordam bermoqda hamda O`zbekiston moliya xizmatlari bozorida reyting izlanishlar olib bormoqda.”

“Ahbor-Reyting” reyting agentligi tomonidan O`zbekiston tijorat banklarida tadbirkorlik sub`ektlariga xizmat ko`rsatish sifati reytingini aniqlash bo`yicha tahlil qilindi va 2019 yillik yakuni bo`yicha xizmat ko`rsatish sifat reytingini aniqlash bo`yicha so`rovnoma o`tkazildi.
Mazkur so`rovnomada qatnashgan 1549 ta respondentlar iqtisodiyotning quyidagi tarmoqlarida faoliyat yuritishadi:
Savdo - 279 ta yoki 18,0 foiz;
Xizmat ko`rsatish - 208 ta yoki 13,0 foiz;
Ishlab chiqarish - 617 ta yoki 40,0 foiz;
Qishloq xo`jaligi - 35 ta yoki 2,0 foiz;
Umumiy ovqatlanish -16 ta yoki 1,0 foiz;
Qurilish sohasi - 466 ta yoki 3,0 foiz;
Boshqa sohalar -353 ta yoki 23,0 foiz.
“Ahbor-Reyting” reyting agentligi tomonidan 2019 yilda amalga oshirilgan konsalting xizmatlari bo`yicha bajarilgan ishlar tuzilmasini tahlil qilganimizda, tijorat banklari va lombard korxonalari agentlikning analitik tadqiqotlarining asosiy ishtirokchisi hisoblanib, 2019 yilda ularning ulushi agentlik tomonidan bajarilgan konsalting xizmatlarining 70%ga to`g`ri keladi. 2020 yilda amalga oshirilgan konsalting xizmatlari bo`yicha bajarilgan ishlar tuzilmasining tahlilidan ko`rinib turibdiki, tijorat banklari va lombard korxonalarining ulushi o`sganligi namoyon bo`lmoqda.
“Ahbor-Reyting” reyting agentligining reyting xizmatlari tijorat banklarining kredit reytingi va sug`urta kompaniyalarning reytinglari asosiy o`rinni egallab, ya`ni 65% dan ortig`ini tashkil etadi.
Shu bilan birgalikda “Ahbor-Reyting” reyting agentligining asosiy yo`nalishi tijorat banklari, sug`urta, lizing korxonalari, lombardlar va mikrokredit tashkilotlari hamda qimmatli qog`ozlar emitentlarini milliy shkala asosida reyting baholash hisoblanadi. Bunda, Agentlikning bajargan ishlari xajmining 88% ini reyting xizmatlari tashkil etadi.(konsalting xizmatlar-12%).









