Mamlakatimizda 2021 yil 24 oktyabr kuni bo`lib o`tgan saylovda Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan uning nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli davlat va jamoat arboblaridan samimiy tilaklar bildirilgan qutlovlar kelmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Shavkat Mirziyoevni samimiy qutladi.
"O`zbekiston Respublikasi xalqining faol qo`llab-quvvatlashi bilan Prezident lavozimiga muvaffaqiyatli qayta saylanganingiz bilan Sizni samimiy qutlashga ijozat bergaysiz. Sizning mohirona rahbarligingizda O`zbekiston o`z taraqqiyot yo`lini davom ettirishiga ishonaman.
Prezident sifatida faoliyatingizning ikkinchi muddati davomida Siz bilan yaqin hamkorlik qilish orqali mamlakatlarimiz o`rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashimizga umid qilaman.
Siz va rafiqangiz bilan joriy yil dekabr oyida Koreyada uchrashishimni orziqib kutmoqdaman.
Sizga mustahkam sog`lik, O`zbekiston Respublikasiga esa abadiy ravnaq tilayman"-deydi Koreya Respublikasi Prezidenti.
Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham Shavkat Mirziyoevni tabrikladi.
"Sizni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ikkinchi muddatga qayta saylanganingiz bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.
Siz bilan, shu jumladan BMTning mamlakatingizdagi jamoasi hamda Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi orqali bizlarni qiziqtirgan masalalarda yaqindan hamkorlik qilishimizdan umidvorman.
BMT global xatarlarni birgalikda bartaraf etishda, shu jumladan xalqaro tinchlik va xavfsizlik, inson huquqlari va barqaror taraqqiyot masalalarida O`zbekistonning ko`magiga va qat`iy intilishiga tayanishda davom etadi", - dedi BMT bosh kotibi.
Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida ham mamlakatimiz rahbariga o`z tilaklarini bildirdi.
"Yaponiya hukumati va xalqi nomidan Sizni O`zbekiston Respublikasi lavozimiga qayta saylanganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro makonni barpo etish doirasida Yaponiya biz uchun muhim strategik hamkor bo`lgan O`zbekiston bilan sheriklikni rivojlantirishga katta e`tibor qaratmoqda.
Yaponiya O`zbekistonning mamlakatni rivojlantirish borasidagi sa`y-harakatlarini va Siz, Janobi Oliylarining rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni izchil qo`llab-quvvatlab kelmoqda.
2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirilgan rasmiy tashrifingiz davomida erishilgan barcha kelishuvlar va qo`shma loyihalarni bundan buyon ham birgalikda amalga oshirishimizga umid bildiraman.
Kelgusi yilda diplomatik munosabatlarimiz o`rnatilganining 30 yilligini keng nishonlaymiz. Umid qilamanki, Yaponiya va O`zbekiston o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik barcha yo`nalishlarda yanada rivojlanadi.
Ushbu imkoniyatdan foydalanib, Sizga mustahkam sog`lik va muvaffaqiyatlar, O`zbekiston xalqiga esa bardavom ravnaq tilayman", - dedi Yaponiya Bosh vaziri.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron saylovlarda g`alaba qozongan Shavkat Mirziyoevni chin qalbdan tabriklashini ma`lum qildi.
"Siz O`zbekiston Prezidenti yuksak lavozimiga qayta saylangan kunning ertasiga katta mamnuniyat bilan samimiy qutlovlarimni yo`llamoqdaman. Ushbu lavozimdagi faoliyatingizni Fransiyaning do`sti hisoblangan o`zbek xalqi manfaatlari yo`lida amalga oshirishda Sizga eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Qayta saylanganingiz keyingi besh yilda Sizning rahbarligingizda jamiyat hayotining barcha sohalarida boshlangan muhim islohotlar samarasi yanada yuksalishiga umid qilaman.
Ishonchim komilki, 2018 yilda Fransiyaga amalga oshirgan tashrifingiz tufayli hamkorligimizga bag`ishlangan sur`at saqlanib qolib, Prezident lavozimidagi faoliyatingizning ikkinchi muddati ikki tomonlama munosabatlarning barcha – siyosiy, madaniy va iqtisodiy yo`nalishlarida yanada rivojlanadi.
Afg`onistondagi tahlikali vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatlarimiz o`rtasidagi xavfsizlik masalalari bo`yicha muloqotni 30 avgust kuni o`tgan suhbatimizda kuzatilgan o`zaro anglashuv va hamkorlik ruhida davom ettirish ayniqsa muhimdir.
Shuningdek, Fransiya va O`zbekiston global iqlim, salomatlik va iqtisodiy taraqqiyot kabi tobora dolzarb tus olayotgan masalalarga nisbatan xalqaro hamjamiyatning o`zaro muvofiqlashtirilgan echimlarni ishlab chiqishga ko`maklashish maqsadida bu boradagi harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirishiga umid qilaman.
Eng ezgu tilaklarimni izhor etarkanman, Siz, Prezident janoblariga bo`lgan yuksak ehtiromimni bildiraman", - dedi Fransiya prezidenti.