Kecha, 17 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Rossiya Federasiyasiga tashrifi arafasida Moskvada bevosita va onlayn shaklda O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi II-Hududlararo hamkorlik forumi o`tkazildi.
Tadbirda 800 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, ikki mamlakat hukumatlari a`zolari, viloyatlar, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, biznes uyushmalari rahbarlari, yirik kompaniyalar va xususiy sektor vakillari ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Invistisiyalar va tashqi savdo savdo vazirligi.
Tadbir dasturi o`z ichiga olgan yalpi majlisda Rossiya Federasiyasi Prezidenti V.V.Putin va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevlar ishtirokchilarga videomurojaat yo`llashgan.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Rossiya Federasiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri M.Reshetnikovlar so`zga chiqib, ikki mamlakat hududlari o`rtasida aloqalarni yo`lga qo`yish haqida ma`lumot berishgan.
Qayd etilishicha, forumning maqsadi O`zbekiston va Rossiya hududlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri ishbilarmonlik aloqalarii yo`lga qo`yishdan iborat.
Ta`kidlanishicha, tadbir doirasida alohida mavzularda sessiyalar tashkil etilib, ularda ikki mamlakat hududlari o`rtasida iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy rivojlanish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo`jaligi sohasida qo`shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, o`zaro savdo hajmini oshirish, transport aloqalarini kengaytirish hamda turizmni rivojlantirishga oid muhim mavzular ko`tarilgan.
Shuningdek, rahbarlar yaqin hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha navbatdagi rejalarini batafsil ochib berishgan. Ular istiqbolli sohalarda o`zaro manfaatli loyihalarni joriy etishga oid konstruktiv tashabbuslar va aniq takliflarni ilgari surishgan.
"Forum doirasida o`tkazilgan uchrashuv va muzokaralar yakunida umumiy qiymati 9 mlrd dollarga teng 600 ta ikki tomonlama bitim, jumladan, 7,4 mlrd dollarlik 141 ta investisiyaviy loyiha va 1,6 mlrd dollarlik 455 ta eksport shartnomasi imzolandi",-deya ma`lum qiladi vazirlik.
Shu jumladan, tadbir davomida metallurgiya, energetika, kimyo, elektrotexnika, charm-poyabzal, to`qimachilik va farmasevtika sanoati, suv xo`jaligi, neft-gaz tarmog`i hamda bank-moliya sohasi kabi hamkorlik yo`nalishlarida kelishuvlarga erishilgan.