Prezident Shavkat Mirziyoyev fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish masalasi eng ishonchli xususiy bandlik agentliklariga to‘liq o‘tkazilishini ma’lum qildi.
Yangi tizimda xorijda yuqori daromadli ishga joylashtirilgan har bir fuqaro uchun agentlikka 1,5 mln so‘m rag‘bat puli to‘lanadi. Yoshlarni kasb va tilga tayyorlash uchun texnikum binolarining bir qismi bepul ijaraga beriladi.
Shuningdek, chet eldan jalb qilingan o‘qituvchi va ekspertlar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, o‘quv jarayoni uchun zarur uskuna va jihozlar esa bojxona bojidan ozod qilinadi.
Evaziga xususiy bandlik agentliklari to‘liq shaffof tizimda ishlaydi va ularning reytingi yuritiladi. Fuqaroning aniq ishga joylashishi, huquqlari ta’minlanishi, yuqori daromad topishi va kafolatli ijtimoiy ta’minotga ega bo‘lishi asosiy mezon bo‘ladi.






