AsosiySIYOSAT

Ziroat Mirziyoyeva og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq raisi etib saylandi

Bu haqda Samarqandda o‘tkazilgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” Jahon sammiti doirasida ma’lum qilindi.

'Ziroat Mirziyoyeva og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq raisi etib saylandi'ning rasmi

Samarqandda o‘tkazilgan “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” Jahon sammiti doirasida og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Global tarmoq tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ushbu tarmoqqa ikki yil muddatga rahbarlik qiladi. Bu haqda uning rasmiy sahifasida xabar berildi.

Tarmoq tuzilgani haqida AQShning “St. Jude” bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti, “St. Jude Global” direktori Karlos Rodriges-Galindo e’lon qildi.

Global tarmoq turli mamlakatlarning birinchi xonimlari va davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlarini bolalar salomatligi masalasida birlashtirishni maqsad qilgan. U doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba va axborot almashish, og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy tashabbuslarni ilgari surish rejalashtirilgan.

Shuningdek, platforma bolalar onkologiyasi va boshqa og‘ir kasalliklarga oid masalalarga xalqaro miqyosda e’tibor qaratish, ularning sifatli tibbiy yordam olishi hamda o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ziroat Mirziyoyevaning tarmoqqa rahbar etib tayinlanishi O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalarning xalqaro e’tirofi sifatida baholanmoqda. Mamlakatda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish, zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlarini kengaytirish, bolalarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ziroat Mirziyoyevaning raislikka kirishish marosimi Bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress doirasida o‘tkazildi.

Global tarmoq faoliyatini kengaytirish maqsadida boshqa mamlakatlarning birinchi xonimlari ham unga qo‘shilishga taklif qilinmoqda. Tashkilotning navbatdagi yig‘ilishini 2027-yil may oyida Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi doirasida yoki sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tashabbus og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, tibbiy yordam imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

    Boshqa yangiliklar