Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan xalqni tabrikladi. Davlat rahbarining tabrigida davlat tiliga hurmat, ta’limda savodxonlikni oshirish, o‘zbek tilining raqamli muhitdagi imkoniyatlarini kengaytirish va yozuv masalalariga to‘xtaldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev davlat idoralari tilga munosabat borasida boshqalarga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
"Davlat idoralari bu borada namuna bo‘lishi shart. Qonun, qaror, yo‘riqnoma va murojaatlarga javoblar ravon, aniq va tushunarli tilda yozilishi kerak. Fuqaro o‘zining haq-huquqi yoki majburiyatini anglash uchun ortiqcha qiyinchilikka duch kelmasligi lozim. Davlat tiliga hurmat davlat xizmatining sifatida ham ko‘rinishi kerak", — deyiladi tabrikda.
Davlat rahbarining qayd etishicha, ta’limda o‘quvchilarning o‘qish, tushunish, gapirish va savodli yozish ko‘nikmalariga asosiy e’tibor qaratish zarur. O‘zbek tilini ona tili sifatida o‘rganayotgan bolalar bilan uni davlat tili sifatida o‘zlashtirayotgan o‘quvchilarning ehtiyojlarini farqlash, darsliklar va o‘qitish usullarini yangilashda buni hisobga olish lozim.
Shuningdek, o‘zbek tilida zamonaviy ilmiy manbalardan foydalanish va tadqiqot natijalarini bayon etish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Xususan, tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ishonchli adabiyotlar, sifatli tarjimalar hamda elektron resurslarga ehtiyoj borligi qayd etildi.
Mirziyoyev o‘zbek tilidan raqamli muhitda to‘laqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ham bildirdi.
"Yana bir dolzarb vazifa — o‘zbek tilidan bugungi raqamli muhitda ham to‘laqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishimiz zarur. Buning uchun sifatli matnlar va nutq namunalarini jamlash, elektron lug‘atlar, tarjima va tahrir vositalarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega", — deyiladi tabrikda.
Shu bilan birga, nutqni matnga va matnni ovozga aylantiradigan texnologiyalarni rivojlantirish, bunday resurslarni yaratishda mualliflik huquqi va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish zarurligi ta’kidlandi.
"Sun’iy intellekt vositalarining davlat tilidagi sifati ularning insonga qanchalik aniq va foydali yordam berayotgani bilan baholanadi", — dedi davlat rahbari.
Prezident yozuv va imlo masalalarida ham odamlar uchun qulaylik asosiy mezon bo‘lishi kerakligini qayd etdi. Bu boradagi yechimlar ilmiy asos, jamoatchilik bilan muloqot va amaliy tayyorgarlikka tayanishi, ta’lim, nashriyotlar va raqamli tizimlar o‘rtasidagi muvofiqlik hamda turli avlodlar ehtiyojlari hisobga olinishi lozim.
Shuningdek, xorijda o‘zbek tilini o‘rganish va tadqiq etishga bo‘lgan qiziqishni rag‘batlantirish muhimligi ta’kidlandi. Jumladan, Oksford universitetidagi "O‘zbekshunoslik dasturi" kabi hamkorlik yo‘nalishlari til va tarjima sohasidagi xalqaro muloqotga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.
Tabrik yakunida Mirziyoyev o‘zbek tili ravnaqi yo‘lida mehnat qilayotgan olimlar, muallimlar, tarjimonlar, adiblar, jurnalistlar, noshirlar va axborot texnologiyalari mutaxassislariga minnatdorlik bildirdi.






