Pora olish”, “pora berish” va “pora olish-berishda vositachilik qilish” qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalarining uchinchi qismi sanksiyasi og`irlashtirilib, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodievaning ma`lum qilishicha, kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu jazoni qo`llash bo`yicha qonun loyihasi birinchi o`qishda qabul qilindi.
Xususan, “O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta`minlashga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining sakkizinchi bo`limi, “korrupsiyaga oid jinoyatlar” degan yangi atama bilan to`ldirilib, 15 turdagi jinoyat tarkiblari korrupsiyaga oid jinoyatlarga kiritilmoqda.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytirish maqsadida, jinoyatlar mansab mavqeini suiiste`mol qilish yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilmoqda.
“Pora olish”, “pora berish” va “pora olish-berishda vositachilik qilish” uchun Jinoyat kodeksining tegishli moddalarining uchinchi qismi sanksiyasi og`irlashtirilib, 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
Statistik ma`lumotlar keltirilishicha, mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd , 2019 yilda 1,858 trln, 2020 yilda 500,1 mlrd, 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd. so`m moddiy zarar etkazilgan.
"Mazkur qonun loyihasi bilan mansabdor shahslarga nisbatan choralar kuchaytirilmoqda. Ya`ni “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish”, “Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish”, “Hokimiyat harakatsizligi”, “Mansab soxtakorligi” va “Hokimiyatni suiiste`mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi” jinoyatlar agar “g`arazgo`ylik” niyatida sodir etilsa, korrupsiyaviy jinoyat hisoblanishi belgilanib, mazkur harakatlar uchun og`irroq jazolar belgilanyapti",-deya ta`kidlab o`tadi deputat.