1

"Davlat byudjeti daromadlari 116 trln so`mni tashkil etib, prognoz 108,4 foizga oshirib bajarilgan". Vazirlar Mahkamasi hisoboti eshitildi

Iqtisodiyot 15.12.2021, 12:31
"Davlat byudjeti daromadlari 116 trln so`mni tashkil etib, prognoz 108,4 foizga oshirib bajarilgan". Vazirlar Mahkamasi hisoboti eshitildi

Oliy Majlis Senatining yigirma ikkinchi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021 yil 9 oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisoboti eshitildi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda. 

Ma`lum qilinishicha, Byudjet ijrosini ta`minlashda asosiy e`tibor iqtisodiy barqarorlikni saqlash, ijtimoiy sohani qo`llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish yuzasidan qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlaridagi vazifalarga qaratilgan.

“2021 yil uchun O`zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to`g`risida”gi Qonunning 9 oyidagi ijrosi belgilangan parametrlar doirasida ta`minlangan.

O`z vaqtida muvofiqlashtirilgan fiskal va pul-kredit choralari tufayli hisobot davrida respublika iqtisodiyoti 6,9 foizga o`sgan, YaIM hajmi 519,8 trln so`mni tashkil etgan.

Iqtisodiy o`sish sur`atlari sanoatda 9,0 foizni, qurilish sohasida 4,5 foizni, qishloq xo`jaligi, o`rmon xo`jaligi va baliqchilik sohalarida 4,2 foizni hamda xizmat ko`rsatish sohasida 7,6 foizni tashkil etgan. Iqtisodiyotda o`sish sur`atlarini ta`minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida inflyasiya darajasi yil boshidan 5,9 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 116 trln so`mni tashkil etib, belgilangan prognoz 108,4 foizga yoki 9,0 trln so`mga oshirib bajarilgan. Daromadlar o`tgan yilning mos davriga nisbatan 21,6 trln so`mga ko`paygan.

Davlat byudjetining 2021 yil 9 oylik xarajatlari davlat maqsadli jamg`armalarisiz 130 trln 265,1 mlrd so`mni tashkil etib, aniqlangan reja ko`rsatkichlariga nisbatan 95,8 foizni yoki YaIMga nisbatan 25,1 foizni tashkil etgan.

Hisobot davrida mahalliy byudjetlar daromadlar qismi prognozga nisbatan 120 foizga bajarilgan yoki 25 trln 495 mlrd so`mni, xarajatlar qismi esa rejaga nisbatan 104 foizga ijro etilib, 46 trln 497 mlrd so`mni tashkil etgan.

Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirish bo`yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mahalliy byudjetlar daromad ko`rsatkichi 6 trln 385 mlrd so`mga ortig`i bilan ijro etilgan.

Ta`kidlanishicha, bu aholini ijtimoiy himoyalash va kambag`allikni qisqartirish, ish haqi va unga tenglashtirilgan to`lovlar, ijtimoiy nafaqalar, moddiy yordam va kompensasiya to`lovlarini o`z vaqtida amalga oshirish imkonini berdi.

Ta`kidlanganishicha, hisobot davrida ijtimoiy sohaga Davlat byudjetidan 64 trln 38 mlrd so`m yoki umumiy xarajatlarning 49,2 foizi miqdorida mablag` ajratilgan.

Senatorlar hisobot davrida byudjet mablag`laridan samarali foydalanishni ta`minlash maqsadida yagona g`azna hisobvarag`ining ishonchli va barqaror ishlashi hamda inson omili aralashuvini qisqartirish bilan bog`liq chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligiga e`tibor qaratdi.

Moliya vazirligiga byudjetdan mablag` oluvchi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ajratilgan mablag`lardan maqsadli hamda samarali foydalanish ustidan ta`sirchan nazorat tizimini o`rnatish, byudjet mablag`larining natijadorligini ta`minlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy etish maqsadga muvofiqligi ko`rsatib o`tildi.

Shu munosabat bilan byudjet xarajatlari ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida vazirlik va idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan rasmiy veb-saytlarda byudjet mablag`lari xarajatlari, byudjet ochiqligini ta`minlash yuzasidan tegishli ma`lumotlarni joylashtirish zarurligi bildirildi.

Bundan tashqari, aholini tashvishga solayotgan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish masalalariga alohida e`tibor qaratish, jumladan, “Fuqarolar tashabbusi jamg`armasi” mablag`larini shakllantirish, ulardan samarali va maqsadli foydalanish bo`yicha ma`lumotlarni rasmiy veb-saytga, jumladan “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirishni doimiy nazorat qilish lozimligi ta`kidlandi.

Aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash va bandligini ta`minlash, kambag`allikni qisqartirish hamda ijtimoiy himoyaning manzilliligini kuchaytirish zarurligi ham ta`kidlab o`tildi.

Davlat byudjetining 2021 yil to`qqiz oyidagi ijrosi to`g`risidagi hisobotni tasdiqlash yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1