“O`zbekiston yoshlari forumi – 2021” haftaligi doirasida 40 ga yaqin tadbirlar o`tkazildi. Jumladan, “Cheksiz ijod – cheksiz imkon”, “Start-up va investor”, “Start-up tashabbuslar” loyihalari hamda “Letsstandupforher” konferensiyasi bu gal yangi formatda o`tkazildi va kutilgan natijalarga erishildi.
Ijod inson tanlamas
Insoniyat tarixi bu olamga kelib ketgan ne-ne daho insonlar, avliyolar va ijodkorlarga guvoh. Har bir inson alohida iqtidor bilan tug`iladi. Biroq uni rivojlantirsagina ijobiy natijaga erisha oladi. Qalam tebratishdek baxt berilgan imkoniyati cheklangan yoshlar uchun “O`zbekiston yoshlari forumi – 2021” unutilmas quvonch hadya etdi. Ular bir qaraganda imkoniyati cheklangan bo`lishi mumkin. Ammo, aslida ular cheksiz imkon sohiblaridir.
UNDP xalqaro tashkiloti, Yoshlar ishlari agentligi va Respublika yosh ijodkorlar kengashi hamkorlikda imkoniyati cheklangan yosh ijodkorlarni qo`llab-quvvatlash va ularning iqtidorini yuzaga chiqarish maqsad qilgan “Cheksiz ijod – cheksiz imkon” loyihasini tashkil etdi.
Loyiha joriy yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Dastlab imkoniyati cheklangan ijodkorlar o`rtasida ijodiy tanlov o`tkazildi. Nazm, nasr, publisistika yo`nalishlarida qalam tebratuvchi 235 nafar ishtirokchi orasidan 23 nafari tanlab olindi. So`ngra ularning ijodiy ishlari “Cheksiz ijod – cheksiz imkon” nomi ostida to`plam holida chop etildi.
“O`zbekiston yoshlari forumi – 2021” doirasida 23-dekabr kuni to`plam taqdimoti bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa`dullaev, O`zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktor o`rinbosari Dilnoza Kattaxonova, Respublika yosh ijodkorlar kengashi raisi Mehrinoz Abbosova, “Artel” kompaniyasi vakillari, jurnalist va bloger Aziza Qurbonova, bloger Shahnoza Soatova, to`plamga ijodiy ishlari kiritilgan yoshlar hamda forum ishtirokchilari, OAV vakillari qatnashdilar.
Tadbir so`ngida ijodiy ishlari to`plamdan joy olgan yoshlarga estalik sovg`alari topshirildi. Shuningdek, yosh shoirlar tomonidan kompozision chiqishlar namoyish etildi.
She`r, hikoya yoki publisistik maqolasi to`plamdan joy olgan yoshlarga ushbu taqdimot katta motivasiya, ularning ijodiga berilgan rag`bat bo`ldi.
“Start-up”lar amalda
“Start-up” – bu biznesning istalgan turi, undagi farq bozorga avval foydalanilmagan uslubda (o`z-o`zidan qonun bilan taqiqlanmagan) tovarlar yoki xizmatlar taqdim etishda ifodalanadi. Uning asosi bu g`oya. G`oya muvaffaqiyatli biznes loyihaga aylanishi uchun maqsad va to`g`ri yo`naltirilgan sarmoya darkor.
Bugungi kunda yurtimizda start-up va biznes loyihalariga ega yoshlar ko`plab topiladi. Jamiyatga foydali g`oyalarni hayotimizga tatbiq etish, ularni moddiy qo`llab-quvvatlash – bugungi kun talabi.
Shu asnoda “O`zbekiston yoshlari forumi – 2021” doirasida joriy yilning 21-22 dekabr kunlari Innovasion rivojlanish vazirligi binosida “Start-up tashabbuslar” yoshlarning innovasion loyihalari taqdimoti final bosqichi bo`lib o`tdi.
Ushbu tanlov yurtimiz bo`ylab 6 yildan buyon o`tkazib kelinmoqda. Bu gal ishtirokchilar soni avvalgi yillarga nisbatan 38 foizga ko`p. Joriy yilda respublikamizning barcha hududidan tanlovda qatnashish uchun 905 ta ariza kelib tushgan. Umumiy ishtirokchilar soni esa 1972 nafar. Arizalarning 601 tasi ekspertlar tomonidan tanlab olingan. Yakunda 40 ta loyiha g`oliblikni qo`lga kiritdi va ularning har biriga 50 million so`m miqdorida maqsadli grant ajratildi.
O`zbekiston yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa`dullaevning ta`kidlashicha, agar bugun g`olib bo`lgan loyihalarning 5-10 %i muvaffaqiyatga erishib, samara bersa, milliardlab daromad olib keladi. Bu jahon miqyosida startaplarning rivojlanib, haqiqiy biznesga aylanish ko`rsatkichi hamdir.
Shuningdek, haftalik davomida 23-dekabr sanasida “Start-up va investor” loyihasi doirasida navbatdagi uchrashuv bo`lib o`tdi.
Loyihaning 1-soni joriy yil 20-fevralda start olgan va ayni paytga qadar bir necha marotaba tashkillashtirilgan. Jumladan, 2021-yilning 24-mart sanasida Toshkent shahri, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida loyihaning 2-soni bo`lib o`tdi. Shuningdek, 29-may kuni Toshkent shahar Yoshlar Press klubida start-up loyihalarga investisiya jalb qilish haqida navbatdagi uchrashuv bo`lib o`tdi. Ushbu sonida startap yaratishga qiziquvchi yoshlar va yosh tadbirkorlar soha ekspertlaridan kerakli ma`lumotlarni olishdi, o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob topishdi.
Uchrashuvda Moliya.uz, Growth Academy asoschisi, investor Shohida Ibragimova, IDP IELTS, Edu-Action va Edu-Master asoschisi Umidjon Ishmuhammedov va Passenger Transit, TASS Vision startap loyihalari asoschisi Shahzod Umirzakov ishtirok etdi. Shohida Ibragimova “Moliyaviy savodxonlik va unda investisiyaning o`rni” mavzusidagi, Umidjon Ishmuhammedov “Ta`limga investisiya qilish to`g`rimi?” mavzusidagi hamda Shahzod Umirzakov “TASS Vision” startapi haqidagi o`z bilim va tajribalarini yosh tadbirkorlar bilan bo`lishdilar.
Tadbirni o`tkazishdan ko`zda tutilgan asosiy vazifalar respublika bo`ylab investorlar klubini shakllantirish, ularni yoshlar bilan uchrashuvga jalb etish, loyihaga soha bo`yicha ekspertlarni taklif qilish va ularning bilimlari bilan bo`lishishdan iboratdir.
Bu kabi loyihalar uyushgan yoshlar auditoriyasini kengaytiradi hamda Vatanimizning intellektual kadrlar zaxirasini boyitadi.
Gender tengligi – dolzarb mavzu
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015-yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish bo`yicha o`tkazilgan sammitida qabul qilingan 70-son rezolyusiyasiga muvofiq, shuningdek, 2030-yilgacha bo`lgan davrda BMT Global kun tartibining Barqaror rivojlanish maqsadlarini izchil amalga oshirish bo`yicha tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “2030-yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” qaror qabul qildi.
Shu bilan birga, O`zbekiston Barqaror rivojlanishning Beshinchi maqsadini amalga oshirish doirasida “Gender tenglikni ta`minlash hamda barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish”ga oid to`qqizta vazifani ishlab chiqdi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida “O`zbekiston yoshlar forumi – 2021” haftaligi davomida joriy yilning 22-dekabr kuni Yoshlar ijod saroyida “Letsstandupforher” konferensiyasi o`tkazildi.
Konferensiyani o`tkazishdan maqsad – Jamiyatda ayol huquqlari uchun kurashadigan va gender-tengligini targ`ib qilishda faol ishtirok etadigan erkaklar sonini ko`paytirish. Mamlakat istiqboli uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir qizlar va ayollar bilan bir safda turib ular uchun kurashadigan erkaklar safini kengaytirish orqali jamiyatda gender tengligini ta`minlash, shuningdek, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda qizlar faolligini oshirishdan iborat.
Letsstandupforher loyihasining maqsadi Qizlarni jamiyatda bo`lgan o`rnini oshirish va ularni o`zini jamiyatning teng a`zosi sifatida his etishlari uchun sharoit yaratib berish. Ayollar tenglik haqida ko`p gapiradi, ammo gender tengligi erkaklar uchun ham kerak. Bizning loyiha gender tengligining ahamiyat va mohiyatini erkaklarning ovozi bilan ko`rsatib berish. Bundan tashqari ko`zga ko`ringan ayollar huquqi yuzasida ishlaydigan aktivist va psixolog ayollar bilan amaliy mashg`ulotlar olib borish va qizlarni o`z-o`zini himoya qilishlarini va jamiyatda faol bo`lishlarini amalda o`rgatish.
Ushbu loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining #heforshe loyihasi bilan hamkorlik qiladi.
Xulosa o`rnida aytish mumkinki, “O`zbekiston yoshlari forumi – 2021” haftaligi yangi iqtidorlarni bir erga jamlab, ular uchun do`stona va fikr almashish muhitini yaratdi. Ushbu forumni o`tkazish an`anaga aylanishi hamda har yili mamlakatimiz intellektual salohiyatini boyituvchi yuzlab yoshlarni kashf etib borishiga ishonamiz.