O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri matbuot kotibining xabar berishicha, dunyoda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon mutlaq rekord ko`rsatkich qayd etildi. Kecha sayyoramizning 2,6 milliondan ortiq aholisida COVID-19 infeksiyasi aniqlandi.
Bemorlar sonining maksimal o`sishi AQSh hissasiga to`g`ri keldi — 885 mingdan ortiq holat. Evropaning qator mamlakatlarida ham raqamlar keskin oshib bormoqda.
Masalan, 5 yanvar holatiga ko`ra, Fransiyada 322,8 ming, Buyuk Britaniyada 193,8 ming, Italiyada 189 ming kishi koronavirusni yuqtirib olgan. Ro`yxatga olingan holatlarning asosiy qismini “omikron” shtammi tashkil etmoqda.
Shunga qaramay, mutaxassislar epidemiologik vaziyatning og`irligini infeksiyalar soniga emas, balki kasalxonaga yotqizilganlar miqdoriga qarab baholash kerakligini ta`kidlashmoqda.
Chunki “omikron” qanchalik tez sur`atlarda tarqalmasin, u tufayli shifoxonaga yotqizilish va o`lim ko`rsatkichlari “delta”ga nisbatan sezilarli darajada past.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti eksperti Abdi Mahmud bu holatni yangi shtamm koronavirusning boshqa variantlari singari o`pkaga emas, balki faqat yuqori nafas yo`llariga zarar etkazishi bilan izohladi. Bu esa bemorlarda kasallik nisbatan engilroq alomatlar bilan o`tishini ta`minlayapti.
Profilaktik choralar har qancha kuchaytirilmasin, bu virus turi chegaralarni tan olayotgani yo`q. Masalan, Gruziyada “omikron” bilan ilk kasallanish holati 20 dekabr kuni aniqlangan edi. Ammo oradan qisqa vaqt o`tib, yangi shtammni yuqtirganlar soni 147 nafarga etdi.
Xitoyda ayni paytda 2022 yilgi Qishki Olimpiada o`yinlariga qizg`in hozirlik ko`rilmoqda. Shunday muhim pallada mamlakatda pandemiyaning yangi to`lqini avj olsa, hammasi chippakka chiqishi mumkin.
Shu sababli Xitoy hukumati bu kasallikka qarshi juda keskin choralar ko`rishga majbur bo`lmoqda. Misol uchun, Yuchjou shahrida 3 kishida koronavirus qayd etilgach, butun hudud bo`ylab qat`iy lokdaun joriy etildi.
Endi shaharda ma`lum muddat jamoat transportlari qatnovi to`xtatilgan, shaxsiy avtomobillardan foydalanishga ham taqiq qo`yildi. Aholiga zarurat bo`lmasa, uydan chiqmaslik tavsiya etilyapti.
Shunday murakkab vaziyatda Fransiyaning Marsel shahridagi Yuqumli kasalliklar instituti olimlari yana bir xavotirli yangilikni e`lon qilishdi.
Qayd etilishicha, ikki oycha avval Kamerunda aniqlangan koronavirusning yangi “IHU” — B.1.640.2 shtammi Fransiya bo`ylab ham tarqalmoqda. Tadqiqotchilar fikricha, yangi variant 40 dan ortiq mutasiyani o`z ichiga olgan. Uning tahdid darajasi hozircha ma`lum emas. Yangi shtamm Fransiya janubi-sharqidagi shaharlarda yashovchi 12 nafar fuqaroda qayd etildi.






