AsosiyDunyo

Tolibon tan olindimi?

'Tolibon tan olindimi?'ning rasmi

AQSh qo`shinlari 2021 yilda Afg`onistondan olib chiqib ketilganidan keyin hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” harakati o`tgan uch yil davomida mintaqada real siyosiy kuchga aylandi. Ayni paytda toliblar de-fakto Afg`onistonni boshqarmoqda.Uning nomidan ish tutib, xalqaro munosabatlarda butun afg`onistonliklarni tamsil etmoqda.

Bunday sharoitda xalqaro munosabatlarning qonuniyligini ta`minlash maqsadida toliblarni de-yure tan olish masalasi kun tartibidan tushgani yo`q. “Tolibon”ni BMT darajasida tan olish va bu tashkilotga a`zolikka qabul qilish toliblar uchun ham muhim va hal qiluvchi bosqich hisoblanadi.
Shu bois BMT rahbariyati 30 iyun – 1 iyul kunlari kuni Doxada “Tolibon” ishtirokida muzokaralar o`tkazdi.

“Tolibon” shartlari bajarildi

Aslini olganda mazkur anjuman shu formatdagi uchinchi majlis hisoblanadi. Biroq 2023 yil o`tkazilgan anjumanga toliblar chaqirilmagan edi. 2024 yil fevral oyida o`tkazilgan yig`ilishga esa “Tolibon”ning o`zi kelmadi. Toliblar o`tkazilajak anjumanda toliblarni tanqid qiluvchi afg`onistonlik huquqbonlarning BMT Bosh kotibi  Antoniu Guterrish bilan uchrashuvini bekor qilish talabi bilan chiqqan, biroq tashkilotchilar bunga rozi bo`lishmagan. 

Tolibon joriy maslahatlashuvlarda ishtirok etishini iyun o`rtalarida tasdiqladi. Afg`oniston vakili Zabihulloh Mujohidning aytishicha, afg`on tomoni rasmiy tan olinishi masalasidan tashqari, Afg`onistonga insonparvarlik yordami va mamlakatda investorlar uchun imkoniyatlar yaratishmasalalari ko`rib chiqilishidan manfaatdor bo`lgan. Shuningdek, bank-moliya masalalari, jumladan, Afg`onistonning xorijdagi aktivlarini “Toliblar” ixtiyoriga qaytarish masalasi ham muhim bo`lgan.

Lekin BMT mazkur anjumanga ham “Tolibon”ni tanqid qiluvchi kuchlarni taklif qildi: 2 iyul kuni Dohada Dikarlo va maxsus vakillar Afg`oniston fuqarolik jamiyati vakillari bilanuchrashishi tasdiqlandi. 
The Guardian nashrining qayd etishicha, Tolibon birorta ham afg`on ayolini bu uchrashuvga kiritmaslikni talab qilgan. BMT bu shartga rozi bo`lgan. BMT Bosh kotibining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Roza Otunboeva brifingda aytishicha, ishtirokchi davlatlar muzokaralarga faqat erkak vakillarni jo`natgan. U “Tolibon” harakati Dohadagi muzokaralarda ilk bor ishtirok etayotganini ta`kidlab, kun tartibiga ayollar uchun dolzarb bo`lgan masalalar, xususan, bank tizimini yo`lga qo`yish va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish masalalari kiritilganini ta`kidlagan.

Otunboevaning bildirishicha, “Tolibon”ning ayollarga nisbatan cheklovlari Afg`oniston istiqboliga salbiy ta`sir ko`rsatadi. 2022 yilda Tolibon, xususan, qizlarni boshlang`ich maktabda o`qishini va umuman, ayollarning ta`lim olishini amalda taqiqladi. “Bu cheklovlar mamlakatni Tolibonning o`zini o`zi ta`minlash siyosatini amalga oshirish uchun zarur bo`lgan muhim inson kapitalidan mahrum qiladi. Ular Afg`oniston kelajagiga putur etkazuvchi holat – bilimli mutaxassislarning xorijga chiqib ketishiga hissa qo`shmoqda. Bu Afg`onistonning xalqaro hamjamiyatga qayta integrasiyalashuviga sabab bo`luvchi diplomatik qarorlar qabul qilinishiga to`sqinlik qilmoqda”, dedi Otunboeva va BMT bu taqiqlarni bekor qilishga chaqirishda davom etishini ta`kidladi.

BMTning navbatdagi “tubanlashuvi”

BMT mazkur anjumanni ayollar ishtirokisiz o`tkazishga rozi bo`lgani xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining tanqidiga sabab bo`ldi. Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Doha yig`ilishini Tolibon shartlari asosida o`tkazish bilan BMT “yangi tubanlikka tushganini” aytdi. 

“Tolibon zo`ravonliklaridan eng ko`p jabr ko`rganlar ularning taqdiri ko`rib chiqilayotgan BMTdagi muhokamalardan chetlashtirilmoqda”, — deyiladi bayonotda. > Aliya: Unda qayd etilishicha, ushbu qaror BMT Xavfsizlik Kengashining 2000 yilda qabul qilingan va ayollarning asosiy xalqaro muhokamalarda ishtirok etishini kafolatlovchi 1325-rezolyusiyasiga ziddir. BMT afg`on ayollarining o`z huquqlari uchun kurashiga xiyonat qilib, zararli presedent o`rnatadi. Tolibonni tinchlantirishga sharmandali urinish foydasiga inson huquqlari bo`yicha o`z majburiyatlaridan voz kechgani BMT obro`siga doimiy ziyon etkazadi”, — deya xulosa qildi HRW. 

Hal qiluvchi majlis

Nihoyat, tashkilotchilar “Tolibon” shartlariga rozi bo`lgach, Qatarning Doxa shahrida toliblar ishtirokidagi 3-tur muzokaralar boshlandi. Unda Qobulning norasmiy hukumatini xalqaro miqyosda tan olish masalasi muhokama qilindi.

BMT Bosh kotibi shafe`ligida o`tkazilgan ushbu uchrashuvda 20 ga yaqin mamlakat va xalqaro tashkilotlar qatnashdi. 

Dohadagi anjumanda Zabihulloh Mujohid “Tolibon” delegasiyasiga rahbarlik qildi. Anjuman doirasida turli mamlakatlar vakillari bilan tor doiradagi uchrashuvlar ham o`tkazilgan.

Albatta, har qanday davlat jahon hamjamiyatining to`laqonli a`zosiga hamda xalqaro huquq sub`ektiga aylanishi uchun boshqa davlatlar tomonidan tan olinishi katta ahamiyatga ega. Ayniqsa BMTga kabi xalqaro tashkilotlarga qabul qilinishi har qanday davlatning boshqa davlatlar bilan munosabatlarning barcha mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

Imtiyozning mas`uliyati ham bo`ladi

Lekin, har qanday imkoniyat mas`uliyatni ham talab qiladi. Xususan, BMT Nizomining 4-moddasiga ko`ra, “Ushbu Nizomda nazarda tutilgan majburiyatlarni o`z zimmasiga oladigan vaTashkilotning fikricha, shu majburiyatlarni oladigan va bajarishni istaydigan barcha tinchliksevar davlatlar Tashkilotga (BMTga – tahr.) a`zo bo`la oladilar”.

Tabiiyki, 2 kunlik muzokaralarda BMT vakillari “Tolibon”ga o`z talablarini eslatishdi. Jumladan, Afg`onistonda o`quvchi qizlarga maktabga chiqish uchun ruxsat berilmayotgani, afg`on ayollarining huquqlari kamsitilayotgani, qurol-yarog` va narkotik kontrabandasi erkin tijoratga aylanayotgani hamda Afg`oniston janubida qurolli terrorchi guruhlar ta`siri oshayotganidan xavotir bildirildi. Ushbu masalalar hal qilinsa, Afg`oniston Islom Amirligi hukumatini tan olish mumkinligi qayd etildi.

Umuman olganda, xalqaro maydonda Tolibonni tan olish borasida ikkita “lager” mavjud. Birinchi tomon - Rossiya va O`zbekiston bo`lib, Moskva “Tolibon” hukumatini tan olish taklifi bilan chiqmoqda. O`zbekiston esa bu masala kun tartibida ekani, biroq buning uchun toliblar terrorchilikka qarshi kurash, inklyuziv hukumatni shakllantirish va xotin-qizlarning huquqlarini ta`minlash borasida bergan va`dalarining ustidan chiqishlari kerakligini ta`kidlagan. 

Shuningdek, rasmiy Toshkent 2022 yilda “Tolibon” harakati bilan munosabatlari normallashganini e`lon qilgan edi. Hatto Afg`onistonga tegishli, xorijdagi banklarda "muzlatilgan" pullarni Toliblarga qaytarish takliflarini o`rtaga tashlagan. 

Ikkinchi pozisiya esa – Afg`oniston oldiga gumanitar shartlarni qo`yayotgan G`arb davlatlariga xos. Lekin G`arbning inson huquqlarini ta`minlash borasidagi e`tirozlariga qaramasdan, “Tolibon” Afg`onistonda barqarorlikni kafolatlovchi yagona taraf ekanini namoyish etmoqda.

Tinchlik hammaga kerak

Aslini olganda, Afg`onistonda barqarorlik bo`lishidan har ikki lager ham manfaatdor. Afg`oniston Kaspiy mintaqasi hamda Markaziy Osiyodan Hind okeani portlariga energiya resurslari o`tkaziladigan tranzit davlat sifatida muhim. Bu masala esa afg`on diyorida tinchlik va barqarorlik o`rnatilishini talab qiladi. 

Qolaversa, “Tolibon” hukumat tepasiga kelgan avvalgi holatlarda u bilan jahon hamjamiyati hisoblashmagani va tan olmagani bois radikallashib ketgan edi. Shu bois toliblarni tan olish va ularni jahon hamjamiyatiga to`g`ri integrasiyalashuvini ta`minlash - butun jahon xavfsizlik tizimi va iqtisodiyotiga ham ijobiy ta`sir ko`rsatadi. 

Albatta Dohadagi anjumanda bu masalalar ham ko`rib chiqildi, manfaatdor tomonlar o`z qarashlarini ifoda etishdi. > Aliya: Anjuman doirasida BMT Bosh kotibi o`rinbosari Dikarlo ishtirokchilar bilan birga afg`on fuqarolik jamiyati, shu jumladan, Dohadagi inson huquqlari va ayollarning tashkilotlari vakillari bilan uchrashdi. 

Dikarloning aytishicha, u afg`onistonliklarning fikrini tinglagan. Ular mamlakatda ayollar va milliy kamchiliklarning ahvoli, qizlarga ta`lim berishi va boshqa masalalar borasidagi fikrlari bilan o`rtoqlashgan.

Toliblarning “bu masalalar mamlakatning ichki ishi” degan iddaolariga  javoban, Dikarlo, “Afg`oniston bu masalalar yuzasidan bir qator xalqaro shartnoma va kelishuvlarni imzolagani hamda o`z zimmasiga ma`lum bir majburiyatlarni olganini eslatdi. Dikarlo ta`kidlaganidek, Afg`oniston ushbu xalqaro hujjatlarda belgilangan majburiyatlarini bajarishi shart va bu davlatning ichki ishi hisoblanmaydi. 

Bu safar ham “o`xshamadi”

Ikki kunlik muzokaralar yakuniga ko`ra, BMT hay`ati “Tolibon”ni tan olish masalasini rad etdi. Xalqaro hamjamiyat va Afg`onistondagi hukmron norasmiy kuch o`rtasidagi uchrashuvlar tashkilotni tan olish uchun emas, balki uni xalqaro me`yorlarga moslashishga undash uchun o`tkazilayotgani ta`kidlandi.  Inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha tashkilotlarning vakillari bunday uchrashuvlarda doimiy ishtirok etish ehtimoli balandligi esa ayollar huquqlarini ta`minlash doimo dolzarb bo`lib qolaverishini anglatadi. Jahon hamjamiyati bu masaladan hech qachon yuz o`girmaydi. Demakki, “Tolibon” ma`muriy boshqaruv siyosati va inson huquqlariga munosabatini o`zgartirmas ekan, uni tan olish va BMTga qabul qilish masalasi yana ortga surilaveradi.
 

                                                                                                                                                                                                                                                                           Abdulloh Sayyid
 

 

 


 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar