O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lum qilishicha, “Omikron” shtammi tufayli epidemiologik vaziyat izdan chiqayotgan mamlakatlar soni kun sayin ko`paymoqda. Shuningdek, kasallanishlar avj olayotgan jug`rofiy nuqtalar ham o`zgaryapti.
So`nggi sutka davomida Ruminiyada SOVID-19ni yuqtirish ko`rsatkichlari birdaniga 9 mingtaga oshib, rekord darajani ko`rsatgan. Mamlakatda 10 yanvar soat 10:00 dan 11 yanvar soat 10.00 gacha 43 kishi koronavirusdan vafot etgan, yuzlab bemorlar og`ir ahvolda reanimasiya bo`limlariga yotqizilgan.
Peruda ham vaziyat yomonlashgani qayd etilgan. Hududda kunlik kasallanish holatlari kecha 36 mingtadan oshgan. Bu ham mamlakatda o`rnatilgan rekord ko`rsatkich hisoblanadi. Tahlilchilar fikricha, o`sish sur`atlari dekabr oyi so`nggi haftasida boshlangan va Yangi yil bayramidan keyin kuchaygan. Kecha jami kasallanganlardan 90 nafari hayotdan ko`z yumgani mamlakat uchun katta yo`qotish bo`ldi.
Fransiyada esa 10 yanvarda koronavirus to`lqini sezilarli darajada ortga qaytgani kuzatilgandi. 11 yanvarga kelib esa kunlik yangi holatlar favqulodda 87 mingtadan qariyb 360 mingtaga ko`tarilib ketdi. Bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon ro`yxatga olingan eng yuqori ko`rsatkichdir.
Turkiyada ham kechagi rekord yangilanib, kunlik ko`rsatkichlar bir kun avvalgi 65 mingtadan 74 mintaga etdi. Italiyada 11 yanvarning o`zida SOVID-19ni yuqtirganlar soni 220 mingdan oshgani xavotirli vaziyat, deb baholanyapti. Ispaniyada esa 134 ming nafar bemorda koronavirus aniqlangan.
Germaniyada yangi yilning birinchi kunida pandemiya to`lqini ortga qaytib 3 ming kishida ushbu infeksiya aniqlangan bo`lsa, kecha 120 mingdan ziyod holat qayd etilib, yana ko`tarilish kuzatila boshladi.
Hindistonga ham “omikron” kirib borgach, epidemiologik vaziyat tobora murakkablashmoqda. Bu erda kuni kecha 168 ming nafar bemor ro`yxatga olingan. Qozog`istonda esa 11 yanvarda koronavirusga test topshirgan 4889 kishida “musbat” natija qayd etildi.
Yangi shtamm Moldovaga ham kirib bordi. Bu erda bir yo`la 16 kishida “omikron” aniqlandi. Ular orasida ikki oylik chaqaloq ham bor.
Rossiyada esa bu mutasiya turini yuqtirganlar soni rasman 305 nafarga etdi. Mutaxassislar mamlakatda kunlik kasallanish ko`rsatkichlari 100 mingdan oshib ketishidan jiddiy xavotirda.
JSSTning Evropa departamenti rahbari Xans Klyugening aytishicha, kelgusi 6-8 hafta ichida Evropa aholisining yarmidan ko`pi “omikron” bilan kasallanishi mumkin.






