O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining JSST hisobotiga tayanib xabar berishicha, so`nggi oyda jahonda COVID-19 infeksiyasiga chalinganlarning 72 foizi “omikron”, 28 foizi esa “delta” shtammi bilan kasallangan.
JSST rahbari bu xastalik nisbatan engil kechayotgan bo`lsa-da, biroq ommaviy emlash ko`rsatkichlari past bo`lgan hududlarda og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Chunki o`rganishlar natijasi shuni tasdiqladiki, emlanmaganlar orasida COVID-19 bilan qayta kasallanish ko`rsatkichlari to`liq va buster-dozada vaksina olganlarga nisbatan 2 barobar ko`p.
Buyuk Britaniya olimlari esa maxsus tadqiqot davomida “omikron”ning qayta yuqish xavfi “delta” qaraganda 16 baravar yuqoriligini aniqlashdi.
Shu bilan birga, JSST jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, mamlakatlarni xalqaro sayohatlarga qo`yilgan cheklovlarni bekor qilish yoki yumshatishga chaqirdi. Negaki, transport aloqalarini taqiqlash orqali “omikron” shtammining transchegaraviy tarqalishiga to`siq qo`yish samarasiz urinishdir.
Masalan, so`nggi kunlarda Evropada kasallanish ko`rsatkichlari antirekord darajaga etmoqda. Birgina Fransiyada seshanba kuni yarim millionga yaqin kishida koronavirus infeksiyasi aniqlanishi mamlakat uchun pandemiya cho`qqisi bo`ldi.
Germaniyada ham pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori ko`rsatkich qayd etildi. Kuni kecha bu erda 118 ming bemorda kasallik ro`yxatga olingan.
Irlandiyada esa buning aksi, keyingi kunlarda yangi holatlarning kamayishi kuzatilyapti. Shu sababli mamlakat Sog`liqni saqlash vaziri oy boshida joriy etilgan karantin cheklovlari yanvar oxirigacha bekor qilinishi mumkinligini aytdi.
Buyuk Britaniyada ham kunlik kasallanishlar soni pasaymoqda. Shundan kelib chiqib hukumat dekabr oyidan amalda bo`lgan “B rejasi” kelgusi haftadan o`z kuchini yo`qotishini e`lon qildi. Bu transport va o`rta maktablarda majburiy niqob taqish talabining bekor qilinishi, masofaviy rejimda ishlayotgan xodimlarning ofislarga qaytishi, shuningdek, COVID pasportlarining bekor qilinishini anglatadi.
AQSh esa yangi shtamm tarqalishi munosabati bilan “lokdaun”ga qaytish niyatida emas.






