Turklarning o`ziga xos an`analaridan biri bu “xina kechasi“ hisoblanadi. Xo`sh, bu qanday an`ana, uning o`ziga xosligi nimada? Hozir shu haqda...
Avvallari turmush qurayotgan ikki yoshning oilasidagi faqatgina ayol va qizlar jamlangan, vaqt o`tishi bilan esa bu erkaklar ham ishtirok etishni boshlagan to`y oldi marosimi hisoblanadi. Turkiyaning turli mintaqalarida turlicha bo`lsada, an`anaviy “xina kechasi” kelinning ota uyida to`ydan bir kun oldin o`tkaziladi.
Xina kechasiga tayyorgarlik, marosimdan bir kun oldin kuyovning oilasi tomonidan yuborilgan xina va quruq meva kabi sovg`a salom yuborish bilan boshlanadi. Xufton namozidan so`ng qizning ota uyida bo`lib o`tadigan “xina kechasi” marosimida an`anaviy kashtali qizil ko`ylak kiygan kelinning yuzi harir qizil yopinchiq bilan yopiladi.
Turkiyaning turli mintaqalarida turlicha bo`lsada, marosimda eng asosiysi xina qo`yishdan oldin kelinni yig`latish hisoblanadi. Shu sababli, xina qo`yishdan oldin turmushga chiqmagan qizlar qo`llarida sham ushlagan holda kelinning atrofida aylanib ota-ona mavzusidagi insonni mahzun qiluvchi qo`shiqlar kuylashadi hamda raqsga tushadi.
An`anaviy xina tayyorlash va xina qo`yish vazifasi odatda baxtli oila sohibasi bo`lgan ayolga beriladi. Xina mis idishda tayyorlanadi va keyin shamlar bilan bezatilgan xina patnisida xonaga olib kelinadi.
Xina kechasi marosimining yana bir muhim odati esa, kelinning xina qo`yilgan kaftini ochmasligidir. Xina qo`ygan ayol, “Kelin kaftini ochmayapti” deyishi bilan bo`lg`usi qaynona kelinning kaftiga xina sovg`asi sifatida tilla tanga yoki taqinchoq qo`yadi.
Xina kechasida kelinni yig`latish odatidan keyin kelinning o`ng kaftiga xina surtiladi va ro`molcha bilan o`raladi va qo`lqop kiydiriladi.
Kelinning kaftiga xina qo`yilgandan so`ng, marosim qo`shiq kuylash, shirinliklardan tatib ko`rish hamda tunning yarmigacha cho`zilishi mumkin bo`lgan suhbatlar bilan davom etadi. Kecha davomida turmushga chiqmagan qizlar yaxshi niyat qilib qo`llariga xina surtadilar.






