Rossiyadagi yurtdoshlarimizning haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish boshlandi. Bu haqda Tashqi mehnat migrasiyasi xabar berdi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 noyabrdagi “Rossiya Federasiyasida bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini berishda qulayliklar yaratish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 667-son qaroriga muvofiq joriy yil 25 yanvardan elchixona konsullik bo`limida, shuningdek, mamlakatimizning Vladivostok, Ekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Rostov-Don, Sankt-Peterburg shaharlaridagi bosh konsulxonalarida eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish niyatida bo`lgan fuqarolar qabuli boshlandi.
Xabarda aytilishicha, fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasporti yoki fuqarolik biometrik pasporti (identifikasiya ID-karta), eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va uning taloni asl nusxalari bilan murojaat qilishlari mumkin.






