AsosiySport

Jurnalistlar o`rtasida shaxmat bo`yicha O`zbekiston chempionati o`tkazildi

'Jurnalistlar o`rtasida shaxmat bo`yicha O`zbekiston chempionati o`tkazildi'ning rasmi

O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan shaxmat bo`yicha mamlakat chempionati o`tkazildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori e`lon qilingan edi.

Mazkur qaror yurtimizda shaxmatni yanada rivojlantirish borasida yangi davrni boshlab berdi. O`zbekistonda shaxmata qaratilayotgan yuksak e`tibor yurtimiz yosh aql-idrok sohiblarini yanada ruhlantirdi va bunga javoban ular eng nufuzli musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishmoqda. Bunga yaqinda Polshada o`tkazilgan FIDE jahon chempionatida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorovning rapid yo`nalishida chempionlikni qo`lga kiritganligini misol keltirish mumkin.

Xalqaro shaxmat akademiyasi mezbonlik qilgan musobaqada dastavval uyushmaning Toshkent shahar bo`limi birinchiligi tashkil etildi. Qariyb 40 nafar jurnalist va ijodkorlar g`oliblik uchun dona surishgan musobaqa o`zining shiddati bilan ajralib turdi. Deyarli hech bir o`yinda tomonlar murosaga kelishmadi. Bu esa musobaqa naqadar murosasiz kechganidan darak beradi.

Hayajonli lahzalarga boy kechgan musobaqa yakunlariga ko`ra, erkaklar o`rtasida 1-o`rin faxriy jurnalist va ijodkor Asror Mo`minga nasib etdi. U 7 imkoniyatdan 100 foizlik natija qayd etdi. Biryo`la 5 nafar ishtirokchi esa 5 ochkodan jamg`arishdi. Qo`shimcha koeffisientlarga ko`ra Nosirjon Toshmatov ikkinchi, Nodir Yaxshiev esa uchinchi bo`ldi. Shuningdek, taniqli fotomuxbir Rashid Galiev hamda ustoz jurnalist Akbar Nurmatovlar kuchli beshlikdan joy olishdi va Respublika bosqichida qatnashish huquqini qo`lga kiritdi.

Ayollar o`rtasidagi bahslarda Yoqutxon Erkaboeva 100 foizlik natija qayd etdi. Dilobar Mamatova hamda Gulyara Urinboevalar kuchli uchlikdan joy olishdi.

Kunning ikkinchi yarmida O`zbekiston chempionati o`tkazildi. Erkaklar o`rtasidagi bahslarda Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Farg`ona, Andijon, Namangan, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizdan shaxmatga ixlosmand OAV xodimlari ishtirok etdi. Murosasiz kechgan bahslar yakunida g`oliblik Sirdaryo viloyatidan kelgan Otabek Xaylaevga nasib etdi. U 7 imkoniyatdan 6,5 ochko jamg`ardi. Buxorolik Rustam Ibragimov 6 ochko bilan 2-o`rinni qo`lga kiritgan bo`lsa, Toshkent viloyati sharafini himoya qilgan Davron G`ulomov 3-o`ringa munosib ko`rildi.

Ayollar o`rtasidagi musobaqalarda bu safar ham toshkentlik Yoqutxon Erkaboevaga munosib raqib topilmadi. U 7 imkoniyatdan 7 ochko jamg`ardi. Surxondaryolik Dinoro Xursandova ikkinchi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi xodimasi Dilobar Mamatova esa uchinchi bo`ldi. Musobaqa yakunida g`olib va sovrindorlar hamda faol ishtirokchilar estalik sovg`alari bilan taqdirlanishdi.

Musobaqa yakuniga ko`ra kuchli uchlikdan joy olgan ishtirokchilar kelgusi oyda Toshkent shahrida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan jurnalistlar o`rtasida birinchi Markaziy Osiyo chempionatida qatnashish huquqini qo`lga kiritishdi.

    Boshqa yangiliklar