Xabaringiz bor, 2021 yil 18-29 noyabr kunlari Turkiyaning Antaliya shahrida 100 katakli shashka bo`yicha imkoniyati cheklangan (ko`rish qobiliyati zaif) insonlar o`rtasida Jahon chempionati o`tkazildi. Unda O`zbekiston sport delegasiyasi munosib ishtirok etdi.
Ilk bora tashkil etilgan musobaqada O`zbekiston vakillari 12 nafar sportchi bilan ishtirok etib, jamoaviy va shaxsiy birinchilikda 7ta oltin, 10ta kumush va 3ta bronza medaliga sazovor bo`lishdi.
Kecha poytaxtda ushbu musobaqaning g`olib va sovrindorlari bo`lgan 10 nafar sportchi hamda 2 nafar murabbiy taqdirlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qilmoqda.
Marosimda Turizm va sport vazirligi hamda O`zbekiston ko`zi ojizlar sport jamiyati mutasaddilari ishtirok etishgan.
"Albatta, bizning arzimas xizmatimiz shunday darajada e`tirof etilganidan behad mamnunmiz", – deya o`z taassurotlarini o`rtoqlashadi terma jamoa bosh murabbiyi Sunnat Xolliev.
"Ushbu rag`bat bizga motivasiya berib, yangi g`alabalar sari ruhlantiradi. Shu o`rinda ta`kidlashni istardim, so`nggi yillarda Turizm va sport vazirligi tomonidan barcha sport turlari qatorida imkoniyati cheklanganlar sporti ham har tomonlama qo`llab-quvvatlanmoqda. Xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelmoqdamiz. Bu esa sportchilarimizning mahorati o`sishiga xizmat qiladi va yutuqlarimiz salmog`i yanada ortadi, degan umiddaman",-deydi u.






