Biroz avval -81 kg vazn toifasidagi o`zbek dzyudochi Sharofiddin Boltaboev Parij "Katta Dubulg`a" turniri sovrindoriga aylandi. Qoraqalpoq o`g`loni bronza medali uchun kechgan bellashuvda kanadalik Fransis Gautierga qarshi tatamiga chiqqan va raqibini qo`shimcha bo`limda mag`lubiyatga uchratgan.
Bu haqda ayni damda O`zbekiston Milliy Olimpiya Qo`mitasi xabar bermoqda.
Qo`mitaning ta`kidlashicha, Sharofiddin Boltaboev bronza medal bilan birga 500 reyting ochkosiga ham ega bo`lgan.
Yana bir o`zbek dzyudochisi -90 kg vazn toifasidagi Davlat Bobonov kurashsiz musobaqaning bronza medalini qo`lga kiritgani ma`lum qilindi.
Sababi uning raqibi gruziyalik Beka Griniashvili yarim finalda taqiqlangan harakat uchun xansoke, ya`ni jazo olgani uchun tatamiga chiqa olmagan. Natijada avtomatik ravishda g`alaba Bobonovga hal bo`lgan.
-100 kg vazn toifasidagi yana bir O`zbekiston dzyudochisi Muzaffarbek To`raboev esa bronza medali uchun kechgan bellashuvda niderlandiyalik tajribali raqib Mixael Korrelni ippon bahosi evaziga mag`lubiyatga uchratgani aytiladi.
Shunday qilib, Parij "Katta Dubulg`a" turniri o`zbek terma jamoasi uchun 3 bronza medali bilan yakunlandi.






