1

Mart oyida Toshkentda nufuzli xalqaro anjuman bo`lib o`tadi

Jamiyat 24.02.2022, 19:31
Mart oyida Toshkentda nufuzli xalqaro anjuman bo`lib o`tadi

2022 yilning 3-4 mart kunlari poytaxtimizda “BMT Global aksilterror strategiyasi (GATS)ni amalga oshirish bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasi (QHR) doirasida Markaziy Osiyo malakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzusida xalqaro anjuman bo`lib o`tadi.

Xorijiy sheriklar tomonidan keng ko`lamda qo`llab-quvvatlanayotgan ushbu muhim voqea O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusning amaliy ifodasiga aylanadi va Markaziy Osiyoda BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirishda mintaqa davlatlari va jahon hamjamiyati sa`y-harakatlarini birlashtirishga salmoqli hissa qo`shadi.

Tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo  tadqiqotlar instituti, Tashqi ishlar vazirligi, BMT tuzilmalari - Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi va Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markaz hamda Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tomonidan tashkil etilmoqda. 

Gibrid formatda o`tadigan anjumanda XXR, Rossiya, AQSh, Evropa Ittifoqi davlatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq hamda boshqa mintaqalar mamlakatlaridan 600 nafarga yaqin yuqori martabali shaxs, milliy va xorijiy tahliliy markazlar etakchi ekspertlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari mutaxassislari qatnashadi.

Taklif etilgan mehmonlar orasida BMTning aksilterror faoliyatini muvofiqlashtirish global shartnomasi ishtirokchilari, BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy a`zo mamlakatlar hamda mintaqadagi terrorchilikka qarshi faoliyatga donor mamlakatlar maxsus vakillari ham bo`ladi.

Anjumanning ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nomidan murojaatnoma, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishning videomurojaati bo`lishi kutilmoqda. Shuningdek, EXHT Bosh kotibi Xelga Mariya Shmid, BMT Bosh kotibi o`rinbosari, Terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasi boshlig`i Vladimir Voronkov, Bosh kotibning Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo`yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German, ShHT Bosh kotibi Chjan Min, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston deelgasiyalari rahbarlarining chiqishi ham rejalashtirilgan.

O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi tarkibida hukumati a`zolari, Oliy Majlis palatalari va qo`mitalari rahbarlari, vazirlik, idoralar, nodavlat tashkilotlarning tegishli mutaxassislari, tahliliy markazlar va oliy o`quv yurtlari etakchi tadqiqotchilari bor.

Konferensiyada Markaziy Osiyo bo`yicha Qo`shma harakatlar rejasi amalga oshirilishining 10 yillik yakuni sarhisob qilinadi. Forum ushbu mintaqada BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo`yicha noyob tajriba bilan tanishish hamda o`n yillik tahlil, ko`p tomonlama maslahat va konsensus asosida tayyorlangan QHR yangi tahririni tasdiqlash imkonini beradi. Xorijiy ishtirokchilar O`zbekiston va Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarning terrorizmga qarshi kurash borasidagi sa`y-harkati bilan tanishadilar. 

Anjuman doirasida Global aksilterror strategiyasi to`rtta yo`nalishining har biri bo`yicha seksiya yig`ilishlari o`tkaziladi:

1)Terrorizmning tarqalishiga olib keladigan sharoitlarni bartaraf etish;

2)  Terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari;

3)Terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo`yicha davlatlar salohiyatini kuchaytirish choralari va ushbu yo`nalishda BMT tuzilmalari rolini oshirish; 

4) Inson huquqlariga umumbashariy hurmatini ta`minlash va huquq ustuvorligini terrorizmga qarshi kurashda fundamental asos sifatida qabul qilish choralari.

Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlarining BMT GATSni amalga oshirish bo`yicha QHR doirasidagi hamkorligini mustahkamlashda ShHT MATTning roli, jangovar harakatlar davom etayotgan hududlardan qaytgan ayollar va bolalar bilan ishlashda gender masalalari hamda terrorizmga qarshi kurash dasturlarini moliyaviy qo`llab-quvvatlashga doir alohida uchta mavzu ham tahlil etiladi.

Mazkur tadbirlar ShHT MATT, EXHT, BMT TQKB va boshqa hamkorlar tomonidan tashkil etiladi.

Xalqaro uchrashuvning yakuniy hujjati sifatida Toshkent deklarasiyasi va QHRning yangi tahriri qabul qilinishi kutilyapti. Ushbu hujjatlar bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro tinchlik va xavfsizlikka jiddiy xavf solayotgan terrorizmga qarshi birgalikda kurashishga sodiqliklarini tasdiqlab, yaqin kelajak uchun aniq vazifalarni belgilab oladilar.

Toshkent deklarasiyasi va Qo`shma harakatlar rejasi qoidalari ilgari qabul qilingan hujjatlar - Terrorizmga qarshi kurashish to`g`risidagi Ashxobod deklarasiyasi (2011, 2017 yillar), Terrorizmga etaklovchi zo`ravon estremizm va radikallashuvga qarshi kurashishda yoshlarning rolini oshirish to`g`risidagi Samarqand deklarasiyasi (2018 yil), “Terrorizmga, uni moliyalashtirish manbalari, jumladan giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurshishda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik” mavzusidagi oliy darajali xalqaro konferensiya yakunlari bo`yicha  Dushanbe deklarasiyasi (2019 yil)ning izchil va mantiqiy davomidir.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1