AsosiyDunyo
2865

Hatto norozilik namoyishlariga sabab bo`layotgan masala

'Hatto norozilik namoyishlariga sabab bo`layotgan masala'ning rasmi

Gruziya parlamentining huquqiy masalalar bo`yicha qo`mitasi joriy yilning 13 may kuni “Xorijiy ta`sirning shaffofligini ta`minlash to`g`risida”gi qonun loyihasini uchinchi - oxirgi o`qishda ma`qulladi. Deputatlarning aytishicha, loyiha “yashin tezligida” qabul qilingan - uni ko`rib chiqishga bir daqiqa ham ketmagan. 
Muxolif siyosiy fraksiya deputati Xatiya Dekanoidzening aytishicha, muxolifat ushbu yig`ilishda ishtirok eta olmagan. 

“Xorijiy ta`sirning shaffofligini ta`minlash to`g`risida”gi qonun kuchga kirsa, daromadining 20 foizdan ko`prog`i xorijdan moliyalashtiriladigan nohukumat tashkilotlarning “xorijiy ta`sir ostidagi agent” sifatida ro`yxatdan o`tishi talab qilinadi. 

Ta`kidlash kerak, shunga o`xshash qonun (121-Federal Qonun) 2012 yil 20 iyulda Rossiya Davlat dumasi tomonidan qabul qilingan bo`lib, u “Notijorat tashkilotlar haqida”gi qonunga ayrim tuzatishlar kiritishni nazarda tutadi. Tuzatishlarga ko`ra, “xorijiy agentlar” Rossiya Adliya vazirligida maxsus ro`yxatdan o`tishi va OAVlarda material e`lon qilganida “Material xorijiy agent tomonidan chop etildi” degan izoh qo`shgan holda o`z maqomini ko`rsatishga majbur. Shuningdek, ular faoliyatiga boshqa cheklovlar va kamsitishlar ham tatbiq etilishi mumkin. 2017 yil 25 noyabrda esa Rossiyada ayrim OAVlarga ham shunday maqom berish ko`zda tutuvchi 327-Federal Qonun qabul qilingan. 

Mazkur qonunlarga ko`ra, Rossiya Adliya vazirligi xorijiy shaxslar yoki tashkilotlar tomonidan bevosita yoki Rossiya yuridik shaxslari vositasida moliyalashtiriladigan yoki mol-mulk oladigan har qanday OAVni “xorijiy agent OAV” deb e`lon qilishi mumkin. Bunday “xorijiy agentlar” ular zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarga ko`ra, notijorat-xorijiy agentlarga tenglashtirilgan.

Endi esa Gruziyada xuddi shunday vaziyat yuzaga keldi. Rossiyada prezidentning o`zi bunday qonunni yoqlagan (ehtimol tashabbuskori ham) bo`lsa, parlamentar boshqaruv shakliga o`tgan Gruziyada parlament ushbu munozarali qonun ijodkori hamda homiysi sifatida maydonga chiqdi. Shu bois bu qonun ijodkorlari Rossiya hukumatining ta`sirida yoxud ulardan ilhomlangan tarzda bunga qo`l urdi, degan taxminlar mavjud.

Qonun loyihasi nega munozaraga sabab bo`lyapti?

Gap shundaki, parlamentdagi hukmron siyosiy kuch - “Gruziya orzusi” partiyasi taqdim etgan qonun loyihasiga Gruziya prezidenti va xalqi qarshi chiqmoqda. U liberal va demokratik islohotlarni ortga qaytarishidan xavotir olishmoqda.

G`arb davlatlari rahbarlari ham bu qonunning qabul qilinishini ma`qullamagan. Masalan, Evropa kengashi vakili “xorijiy agentlar” to`g`risidagi qonun qabul qilinishi Gruziyani Evropa Ittifoqidan uzoqlashtiradi” degan. 

Gruziyada ushbu qonun qabul qilinishiga qarshi aholi bir necha kundan beri norozilik namoyishlarini to`xtatgani yo`q. Polisiya namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmoqda, suv purkash va ko`zdan yosh oqizuvchi gazlar ishga solinmoqda. Ko`plab namoyishchilar qo`lga olinib, ma`muriy bayonnomalar tuzilgan. 

“Gruziya orzusi” nimani xohlayapti?

2012 yilda Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili boshliq hukmron partiyani yangi siyosiy kuch – “Gruziya orzusi” partiyasi hokimiyatdan tushirib yubordi. 
Avvaliga “Gruziya orzusi” partiyasi so`l, g`arbga moyil harakat sifatida o`zini namoyon qilgan bo`lsa-da, 2024 yilga kelib, konservativ hamda populist siyosiy kuchga aylandi. Uning ritorikasida aksilevropa va rossiyaparastlik ohangi ustun bo`la boshladi.

Shu o`rinda aytib o`tish joiz, “Gruziya orzusi” partiyasining asoschisi Bidzina Ivanishvili asosan Rossiyada biznes yuritish orqali mol-dunyo to`plagan milliarder hisoblanadi. Ivanishvili Gruziyada rasmiy davlat mansabiga o`tirmagan bo`lsa-da, Gruziya muxolifati uni Gruziyaning haqiqiy hukmdori, deb hisoblaydi. 
“Xorijiy ta`sirning shaffofligini ta`minlash to`g`risida”gi qonun loyihasi ilk marta 2023 yilda Gruziya parlamentiga kiritilgan bo`lsa-da, ommaviy noroziliklarga sabab bo`lgani bois, shu yilning mart oyida qaytarib olingan edi.

2023 yil dekabr oyida esa Gruziya Evropa Ittifoqi (EI)ga kirishi uchun nomzod davlat maqomini oldi. Biroq EI bilan muzokaralar davom etishi uchun Gruziya hukumati qonunchilikni turli yo`nalishlarda liberallashtirishga qaratilgan “to`qqiz qadam” siyosatini amalga oshirishi lozim edi. EI vakillari “xorijiy agentlar” to`g`risidagi qonun qabul qilinishi Gruziyaning EIga kirishi bo`yicha muzokaralarni qiyinlashtirishi haqida bir necha bor ogohlantirgan. 

2024 yil bahorida esa “Gruziya orzusi” “xorijiy agentlar” haqidagi qonunni yana bir bor parlamentga kiritdi. 

Jurnalistlarning aytishicha, bu qonun orqali Gruziya hukumatining EIga a`zo bo`lishga yo`nalgan siyosiy kursi o`zgarib ketishi mumkin. Gruziya muxolifati ushbu qonun loyihasi Rossiyadagi “xorijiy agentlar” to`g`risidagi qonunlarga o`xshagani uchun unga “rus qonuni” deb nom bergan. 
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili Fransiya xalqaro radiosiga bergan intervyusida gruzin xalqini 2024 yil 26 oktyabrga belgilangan parlamentga saylovlarda “Gruziya orzusi” partiyasiga qarshi ovoz berish va shu orqali “Evropaga yo`nalgan tanlovlari”ni tasdiqlashga chaqirdi. “Bu qonun – rossiyacha qonun va hukumatimizning uslublari ham rossiyacha, hatto bosh vazirning bugungi nutqi ham rossiyaga monand bo`ldi”, deya ta`kidlagan Zurabishvili.

Nega Gruziya prezidenti bu qonun loyihasiga ta`sir qila olmaydi?

Avvalo, shuni aytish kerakki, Gruziya – parlamentar respublika. Ya`ni boshqaruv borasidagi vakolatlar parlamentga ko`proq berilgan. Prezident vakolatlari cheklangan. U faqat parlament qabul qilgan qonunlarni imzolashi yoki ularga veto qo`yishi mumkin. Bu holda deputatlar avval qabul qilingan qonun loyihasini hamda prezident e`tirozlarini yana bir bor qayta ko`rib chiqishlari mumkin. Agar prezident e`tirozlari inobatga olinmasa va prezident ikkinchi marta ham qonun loyihasini imzolmasa, parlament raisi imzolay oladi. 

Boshqa davlatlarning qonunchiligida mavjud holat – prezident va parlament kelisha olmagan holda parlamentni tarqatib yuborish vakolati ham Gruziya prezidentida yo`q. 

Bundan tashqari, ayrim davlatlarda parlament ikki palatali bo`ladi. Agar prezidentga yoqmaydigan qonun loyihasi (xalq saylagan deputatlardan iborat) quyi palatada ma`qullanib, (ko`pincha prezident tayinlaydigan senatorlardan iborat) yuqori palataga chiqarilsa, senat a`zolari bu qonunni tasdiqlamasdan, orqaga qaytara oladi.

Gruziyada esa parlament bir palatali bo`lgani bois, prezident bu shaklda ham qonun loyihasini bekor qila olmaydi. 

Echim nima?

Shunga qaramasdan, Zurabishvili ushbu qonun qabul qilinsa, unga veto qo`yishga majbur bo`lishini aytgan. Hukumat vakillari esa agar prezident veto qo`ysa, “G`arbdagi hamkorlar bergan “mazmunli tavsiya”larni inobatga olgan holda qonun loyihasini qayta ishlashlari mumkinligi ma`lum qilgan.
Xullas, Gruziya prezidenti ayni vaziyatda ushbu qonun loyihasining qabul qilinishiga hech qanday qarshilik qila olmaydi. Hamma gap xalqda qolgan. Xalqda esa hozircha ikkita imkoniyat bor: norozilik namoyishlarini to`xtatmasdan, qonunni bekor qilishlariga yoki kuzdagi parlamentga saylovlarda rossiyaparast partiyaga ovoz bermasdan, yangi hukumat shakllanishiga erishish xolos. Gruziya xalqi faqat shu vositalar bilan Gruziyaning Evropaga yo`nalgan demokratik taraqqiyot yo`lini saqlab qolishi mumkin.

                                                                                                                                                                                                                                                                         Abdulloh SAYYID

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar