Joriy yilning 4-5 may kunlari Davlat soliq qo`mitasi delegasiyasi rasmiy tashrif bilan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Parij shahridagi shtab-kvartirasida bo`ldi.
Tashrif davomida soliq solish bazani kamaytirish va daromadlarni soliqdan yashirishga qarshi kurashish bo`yicha Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) harakat rejasi standartlarini qo`llash masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, IHTT rahbariyatiga O`zbekiston Respublikasining Global forumga qo`shilish maqsadi haqidagi rasmiy arizasi taqdim etildi. Bu esa o`z navbatida O`zbekiston Respublikasi soliq ma`muriyatchiligi tizimiga xalqaro standartlarni joriy etish imkonini beradi.
Tomonlar O`zbekistonning IHTT standartlariga qo`shilish qarori bugungi kunda mamlakatda soliq ma`muriyatchiligi mexanizmlarini takomillashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va o`zgarishlarning mantiqiy davomi ekanligini ta`kidladi.
Muzokaralar natijasida IHTT standartlarini joriy etish masalalarida Davlat soliq qo`mitasiga yordam ko`rsatish bo`yicha kelishuvlarga erishildi.






