1

O`zbekistonda shakar narxi yana "osmonga chiqadimi"? Rasmiy izoh berildi

Iqtisodiyot 02.06.2022, 10:42
O`zbekistonda shakar narxi yana "osmonga chiqadimi"? Rasmiy izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda respublika bozorlarida shakar narxining oshishi yuzasidan ko`plab xabarlar tarqalmoqda. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi holat yuzasidan rasmiy ma`lumot berdi.

Keltirilishicha, Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, bugungi kunda ichki bozorda 1 kg shakarning o`rtacha narxi 9 500 – 13 000 so`m doirasida shakllanmoqda, shuningdek, ayrim savdo nuqtalarida shakar narxining 14 000 so`mgacha ko`tarilgani kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, qo`shni va boshqa MDH mamlakatlarida shakar narxi 52 foizga (so`m ekvivalentida qo`shni mamlakatlarda 14 000 so`mdan 21 000 so`mgacha) o`sishi bilan bir qatorda, ushbu mahsulot taqchilligi bilan bog`liq muammo va xatarlar yuzaga kelayotganligi kuzatilmoqda.  

Qo`shni va boshqa MDH mamlakatlarida narxlarning oshishi, o`z navbatida, O`zbekiston ichki bozorida aholi va tadbirkorlar o`rtasida ham shakar narxi bo`yicha inflyasion kutilmalarning kuchayishiga ma`lum ma`noda ta`sir ko`rsatuvchi omillardan bo`ldi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida hamda O`zbekiston iqtisodiyotining mintaqa va boshqa davlatlar iqtisodiyotlari bilan tashqi savdo borasida hamkorlikning kengayib va erkinlashib borishi holatida mamlakat ichidagi narxlarni qo`shni davlatlardagiga nisbatan keskin farq qiluvchi darajada saqlab turishning deyarli imkoni bo`lmaydi.

Xususan, joriy yilda mamlakatimizda shakar ishlab chiqarish hajmi yanvar-may oylarida o`tgan yilning shu davriga nisbatan 35 ming tonna yoki 16 foizga ko`proqni (224 ming tonnadan 259 ming tonnagacha oshgan), ya`ni taklif hajmi oshganligiga qaramay (birja orqali sotilgan hajm 177 ming tonnadan 186 ming tonnagacha ko`paygan) shakar narxi, asosan, tashqi omillar ta`sirida o`sishi kuzatildi.

Shakar narxining o`sishiga, birinchi navbatda, mazkur mahsulot va uning xomashyosini Markaziy Osiyo mintaqasiga etkazib berish bo`yicha transport va logistika bilan bog`liq muammolar hamda yoqilg`i resurslari narxlarining o`sishi ta`sir ko`rsatmoqda.

Misol uchun, bugungi kunda London birjasida shakllangan shakarning narxi (500 dollardan 575 dollargacha) 15 foizga oshgan bo`lsa, uning O`zbekistonga etkazib berish xarajatlari 1 tonnasi uchun 173 dollardan 271 dollargacha yoki 57 foizga oshgan.  

Natijada, taxminiy hisob-kitoblarga ko`ra, DAP Uzbekistan shartida O`zbekiston Respublikasi chegarasigacha etkazib berish tayyor shakarning qiymati (bojxona va soliq to`lovlarisiz) yil boshidagi 674 dollardan 840 dollargacha yoki 25 foizga oshgan.

An`anaviy dengiz portlarining yopilishi hamda alternativ portlar o`tkazuvchanlik sig`imlarining pastligi tovarlarni uzoq muddat qolib ketishi hamda saqlash bilan bog`liq qo`shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

Yuzaga kelgan mazkur sharoitda mintaqadagi eksportyor davlatlar hamda Hindiston tomonidan eksportga cheklovning kiritilishi kuzatilmoqda.

Ma`lumot uchun: Rossiya hukumatining 2022-yil 14-martdagi tegishli qaroriga asosan 2022-yil 31-avgustgacha, Qozog`iston Qishloq xo`jaligi vazirining 2022-yil 4-maydagi buyrug`iga asosan 6 oy muddatga shuningdek, Hindistonda 2022-yil 25-maydan shakar eksportiga cheklov o`rnatildi.

 O`zbekistonda shakar taqchilligining yuzaga kelishini va kelgusida uning narxini keskin oshib ketishini oldini olish borasida ko`rilayotgan choralar

Respublikamizda esa shakar tanqisligi mavjud emas va ichki bozorni yil yakuniga qadar shakar bilan to`yintirish bo`yicha barcha zaxiralar yaratilgan, jumladan:

shakarga bo`lgan talabning mavsumiy oshishi sharoitida (meva-sabzavotlarni konservasiya qilish mavsumi) narxlar barqarorligini ta`minlash maqsadida birja savdolariga chiqariladigan shakar hajmi joriy yil iyun oyidan boshlab 50 foizgacha oshiriladi.

Xususan, birjadagi savdolarga qo`yilayotgan shakar hajmi amaldagi 2 000 tonnadan 3 000 tonnagacha oshiriladi.

Joriy yilda shakar ishlab chiqarish hajmi 720 ming tonna yoki o`tgan yilga nisbatan 22 foizga ko`proqni tashkil etadi. Bunda shakar va uning xomashyosi importi hajmi o`tgan yilgi 643 ming tonnadan 900 ming tonnagacha oshiriladi.

Natijada, joriy yil yakuni bilan ishlab chiqariladigan va import qilinadigan tayyor shakar qoldig`i 118 ming tonnadan ko`proqni tashkil etishi kutilmoqda.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1