Andijon viloyatida voyaga etmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilganlikda gumonlanayotgan IIB xodimi qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat prokuraturasi ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, 2010 yilda tug'ilgan qiz joriy yilning 3 iyun kuni uyidan chiqib ketib, qaytib kelmagan. Holat yuzasidan Qo'rg'ontepa tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o'tkazilgan.
Tekshiruv davomida Andijon viloyati IIB voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko'rsatish markazida inspektor-ijtimoiy xodim bo'lib ishlagan S.B. voyaga etmagan qizni Andijon shahridagi xonadonlardan biriga olib borib, u bilan jinsiy aloqa qilgani aniqlangan.
Shundan so'ng unga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi. Sud qarori bilan gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo'llandi.
Prokuratura ma'lumotiga ko'ra, hozirda ish bo'yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni viloyat prokuraturasi nazoratiga olingan.
Jamoatchilik faoli Abdurahmon Tashanovning bildirishicha, ushbu shaxs 2004 yil Afina Olimpiadasida boks bo'yicha bronza medali sohibi bo'lgan taniqli sportchi hisoblanadi.
Avvalroq, Namangan viloyatida ham o'qituvchi voyaga etmagan qizga nisbatan jinsiy zo'ravonlik qilganlikda gumonlanayotgani haqida xabar berilgan edi.






