O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 24 iyun kuni “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo`yicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etdi. Bu haqda PRezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Xitoy tomoni raisligida o`tgan onlayn forumda dunyoning 18 mamlakatidan davlat va hukumat rahbarlari qatnashdi. O`zbekiston va Xitoy etakchilari bilan bir qatorda Argentina Prezidenti Alberto Fernandes, Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo, Jazoir Prezidenti Abdulmajid Tabbun,Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy, Qozog`iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Braziliya vise-prezidenti Gamilton Mourau, shuningdek, Kambodja, Malayziya, Tailand, Fidji va Efiopiya hukumatlari rahbarlari ishtirok etdi.
Xavfsizlik va barqarorlik borasidagi ko`p tomonlama hamkorlik, savdo va investisiyalar, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar va innovasiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, ekologiya, gumanitar sohalarda amaliy sheriklikni kengaytirish masalalari ko`rib chiqildi.
O`zbekiston Prezidenti o`z nutqida “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi.
Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformasiya davrida yashayotgani - xalqaro keskinlik tobora kuchayib borayotgani va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo`layotgani qayd etildi.
Ishtirokchilarning e`tibori “Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirayotgan Yangi O`zbekiston bunday sharoitda keng ko`lamli hamkorlik, shu jumladan “Janub-Janub” formatidagi sheriklik uchun ochiq ekaniga qaratildi.
Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlarni engib o`tish maqsadida savdodagi to`siqlarni bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratish, sanoat kooperasiyasi bo`yicha loyihalarga investisiyalar jalb etish va infratuzilmani modernizasiya qilish, texnologiyalar transferi va innovasiyalarni joriy etish, sun`iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, vaksinalar ishlab chiqish sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligi ta`kidlandi.
Qo`shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish maqsadida “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yo`lga qo`yish taklif etildi.
O`zbekiston Prezidenti transport-kommunikasiyalar sohasidagi bog`liqlikni kuchaytirish hamda “Shimol – Janub” va “G`arb – Sharq” transkontinental yo`nalishlariga mintaqamizni jalb etish tashabbusini ilgari surdi.
BMTning bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror va ochiq harakatini ta`minlash bo`yicha da`vati qo`llab-quvvatlandi.
Kambag`allikni qisqartirish va tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash sohasida dasturlarni amalga oshirish, iqlim o`zgarishlari va inson salohiyatini rivojlantirish bo`yicha ko`p tomonlama hamkorlikni faollashtirish sheriklikning muhim yo`nalishlaridan biri sifatida ko`rsatib o`tildi. Mamlakatimiz Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etishdan, shuningdek, professional ta`lim va yoshlarga doir siyosat sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta`kidlandi.
O`zbekiston tomoni Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatida BRIKS va ShHTning o`zaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni ham taklif etdi.
So`zining yakunida Prezident Shavkat Mirziyoev “BRIKS plyus” shaklidagi muloqotning o`tkazilishi tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olish, global barqarorlik va mamlakatlarimizning izchil taraqqiyotini ta`minlash yo`lida ishtirokchilarning intilishlari mushtarakligini yana bir bor namoyish etganini ta`kidladi.
Boshqa xorijiy etakchilarning nutqlarida ham global sheriklikni va 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini ilgari surishda o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish muhimligi to`g`risida fikrlar bildirildi. Iqtisodiyot, innovasiyalar va “yashil” texnologiyalar, savdo, transport va kommunikasiyalar, ekologiya, boshqa ustuvor sohalardagi ko`p tomonlama muloqotning istiqbolli yo`nalishlari qayd etildi.
08.08.2022, 11:02
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida bo`lib o`tgan brifingda Shavkat Mirziyoevning joriy haftadagi ish jadvali haqida ma`lumot berildi. Ma`lum qilishicha, davlat rahbarining joriy haftadagi ish jadvalida O`zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy...04.11.2021, 21:03
Prezident Shavkat Mirziyoev 4 noyabr kuni investisiya loyihalarining samaradorligini oshirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. Davlatimiz tomonidan oqilona iqtisodiy diplomatiya...27.10.2021, 18:28
Prezident Shavkat Mirziyoev ishtirokida bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida klaster rahbarlari va fermerlardan yozma ravishda kelib tushgan takliflar va eng dolzarb 30 dan ziyod muammo va masalalar...30.09.2021, 12:31
Avvalroq Toshkentda Iqtisodiy forum bo`lib o`tayotgani haqida xabar bergan edik.Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar qilishicha, bugun davlat rahbari Iqtisodiy forum doirasida O`zbekistonda bo`lib turgan...