AsosiySiyosat

Senat yalpi majlisida Uy-joy kodeksi ma`qullanmadi

'Senat yalpi majlisida Uy-joy kodeksi ma`qullanmadi'ning rasmi

Senatning yigirma to`qqizinchi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksi muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

Muhokamalar davomida senatorlar Kodeksda ayrim normalarni qo`llash mexanizmlari etarlicha ochib berilmaganini ta`kidladi.

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlarining davlat uy-joy fondidagi turar joylarni yuridik shaxslarga belgilangan maqsadda foydalanish uchun ijara shartnomasi shartlari asosida berish vakolatini amalga oshirish tartibi belgilanmagan. Bu esa hokimiyat vakolatlarini suiste`mol qilish va boshqa korrupsion holatlarga shart-sharoitlar yaratib beradi.

Shuningdek, Kodeksda belgilangan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan turar joylarni xususiylashtirish yo`llari ya`ni, yakka tartibda quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish hamda obligasiyalarini olish yo`llarini tartibga soluvchi amalda biror-bir normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi ta`kidlandi.

Bundan tashqari, mulkdorlar bilan shartnoma asosida turar joy buzilishi va uning o`rnida yangi turar joy qurilishi mumkinligi, shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi va turar joyni qurish uchun zarur ruxsatnoma olinganidan keyin kuchga kirishi Kodeksda aks ettirilgan bo`lsa-da, shartnomaning qaysi turi haqida so`z yuritilayotganligi mavhum qolgan.

Vaholanki mazkur masalalar shartnomaviy huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi Fuqarolik kodeksida ham o`z aksini topmagan.

Shu bilan birga, qonunchilik texnikasi qoidalariga lozim darajada rioya qilinmagan. Ba`zi normalar bir-biriga zid. Qator moddalar bilan davlat organlariga diskresion (cheklanmagan) vakolatlar berilgan hamda Kodeksda qo`llanilgan bir qator havolaki normalar etarli asoslarga ega emas. O`z navbatida, ushbu holatlar turli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Muhokama yakunida Kodeks jamiyat uchun muhim bo`lgan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishini inobatga olinib, milliy qonun hujjatlari, ilg`or xorijiy mamlakatlar tajribasi va huquqshunos olimlar fikrlarini chuqur tahlil etilgan holda, Kodeksni takomiliga etkazish maqsadga muvofiq deb topildi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar