Toshkentda o`z onasini o`ldirgan ayolga sud hukmi o`qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Xolida Boqieva (ism-shariflar o`zgartirilgan) 70 yoshdan o`tganda jinoyatga qo`l uraman deb o`ylamagandi. Qo`shnilarining aytishicha ziyoli, ikki tilni bilguvchi, yaqinlariga mehribon ayol. Uning aybi shu ediki, vaqtida turmush qurmadi. 96 yoshni qarshilagan onasi Salima Saidova yiqilib operasiya bo`lganidan so`ng, batamom unga bog`lanib qoldi. Ishlarini yig`ishtirdi, hatto ishidan bo`shadi, faqat qari onasiga qaraydigan bo`ldi. Singlisi Ra`no Hapkimova ham unga ko`maklashib turardi. Yuzga yaqinlashgan ona hassasiz yurolmas, og`riq azobidan tunu kun ingrab chiqardi. Bora-bora bu Xolidani charchatdi, asablari tamom bo`ldi. Bu xonadondagi baqir-chaqirlarni qo`shnilar ham bilib bo`lishdi.
Bu orada onasining xotirasi ham kirdi – chiqdi bo`lib qoldi. Singlisi R. Hakimova ovqat olib kelaman deb chiqib ketgan kuni oshxonada turgan pichoqni qo`liga oldi. Ko`ziga hech narsa ko`rinmadi. Nima bo`lsa ham onasini tinchitishni o`yladi va uxlab yotgan onasining ko`kragiga bir necha bor sanchdi. Onasini o`ldirib qo`yganligini anglagach, endi o`zini o`ldirish maqsadida qo`lidagi pichoq bilan chap bilagi va bo`ynini hamda ko`krak qafaslarini kesib tashladi. Bu orada singlisi uyga kelib qoladi. Tez tibbiy yordam chaqirtiriladi.
Jabrlanuvchi shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan bir necha kunlik tibbiy yordamga qaramasdan vafot etdi.
X. Boqievaga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2 qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ish sudga oshirildi.
Sud majlisida X. Boqievaning qo`shnilari N. Rahmonova, X.Abilova, T. Artemova va boshqalar sudlanuvchining yaxshi ayol bo`lganligi, turmushga chiqmasa-da ota-onasiga qaraganligi, mehribonligi, ziyoli ekanligi, keyingii paytda S. Saidovaning baqir-chaqirlarini ular ham eshitishganini, unga nisbatan engil jazo tayinlashni so`rashdi.
Nargiza KASIMOVA, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo`yicha sudyasi:
Sudda X. Boqieva aybli deb topildi. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi orqali tayinlangan jazo shartliga almashtirilib, 3 yil sinov muddati belgilandi.
X. Boqievaga yashash joyi o`zgargan taqdirda, bu haqida uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi ichki ishlar idoralariga xabar berish va 1 oyda ikki marotaba kelib, bu organlarda ro`yxatdan o`tib turish majburiyati yuklatildi, unga sinov muddati davomida hukm shartlarini buzgan taqdirda, Jinoyat kodeksi 72-moddasining 6 va 8-bandida ko`rsatilgan oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligi tushuntirildi. Xolida Boqievaganisbatan qo`llanilgan ehtiyot chorasi o`zgartirilib, u darhol sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
Ayni paytda sudlanuvchi X. Boqieva qonunda belgilangan jazoni shartli o`tamoqda.