AsosiyJINOYAT

Samarqandda hovliga ko‘milgan, Xorazmga olib ketilayotgan "opiy" fosh etildi

Samarqand va Xorazm viloyatlarida jami 5 kilogramm 527 gramm "opiy" musodara qilindi. Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

'Samarqandda hovliga ko‘milgan, Xorazmga olib ketilayotgan "opiy" fosh etildi'ning rasmi

Samarqand va Xorazm viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 5,5 kilogrammdan ortiq "opiy" giyohvandlik moddasi aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1973-yilda tug‘ilgan fuqaroning xonadoni tekshirilganda, hovlisiga ko‘mib qo‘yilgan 4 kilogramm 988 gramm «opiy» topilgan.

Ikkinchi holat Xorazm viloyatida aniqlangan. "Surxondaryo — Xorazm" yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomobil "Sarimoy" blok-postida to‘xtatilgan. Tergovga qadar tekshiruv davomida avtomobildagi 1989-yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaroning telefonlari ko‘zdan kechirilgan. Ulardagi ma’lumotlar asosida Buxoro viloyatining Romitan tumani hududida yashirilgan 539 gramm "opiy" topilgan.

Aniqlanishicha, fuqarolar giyohvandlik moddasini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirgan.

Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar