AsosiyJINOYAT

“Umra” ziyoratiga noqonuniy yuborish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi

Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'“Umra” ziyoratiga noqonuniy yuborish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi'ning rasmi

Toshkent shahri va Farg‘ona shahrida fuqarolarni “Umra” ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Toshkent shahrida 1981 yilda tug‘ilgan shaxs tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan holda, o‘zini “Umra” ziyoratini tashkil etishga ruxsat berilgan turfirmaning vakili sifatida tanishtirgan. U uch nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga “Umra” safariga yuborish va ziyorat davomida barcha marosimlarni bajarishlarini ta’minlash evaziga jami 3450 AQSh dollari talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs 3400 AQSh dollari va 600 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shunga o‘xshash holat Farg‘ona shahrida ham qayd etilgan. 1998 yilda tug‘ilgan shaxs tanishlari orqali to‘rt nafar fuqaroni “Umra” ziyoratiga yuborishni va’da qilib, buning evaziga jami 4200 AQSh dollari talab qilgan.

U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlangan.

    Boshqa yangiliklar