Evropa tiklanish va taraqqiyot banki O`zbekistonda ekologik loyihani amalga oshirishga ko`maklashadi

Iqtisodiyot 02.09.2022, 09:41
Evropa tiklanish va taraqqiyot banki  O`zbekistonda  ekologik loyihani  amalga oshirishga ko`maklashadi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi raisi Narzullo Oblomuradov va Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB)ning Yadro xavfsizligi departamenti direktori Baltazar Lindauer o`rtasida mamlakatimizning Chorkesar va Yangiobod maxsus poligonlarini rekultivasiya qilish borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha grant loyihasini amalga oshirish to`g`risida Bitim imzolandi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar qilmoqda.  

Ma`lum qilinishicha, 7 mln evroga teng grant shartnomasini imzolash marosimi 2022 yil 1 sentyabr kuni ETTBning Londondagi shtab-kvartirasida bo`lib o`tdi.  

2021 yilda Davlat ekologiya qo`mitasi va  ETTB o`rtasida konsultativ yordam ko`rsatilishi uchun 2 million evro miqdoridagi birinchi bitim imzolangan edi. Jami 9 million evro miqdoridagi grant loyihasi bank tomonidan Markaziy Osiyo uchun Atrof-muhitni reabilitasiya qilish ekologik hisobi maxsus fondi hisobidan moliyalashtiriladi.

Grant loyihasi doirasida 2022-2025 yillar davomida maxsus uchastkalarini ekologik sog`lomlashtirish va rekultivasiya qilish  tadbirlari amalga oshiriladi.

Xolisona o`tkazilgan ekspertiza hamda xavf-xatarlar va mahalliy sharoitlarni kompleks ekologik baholash asosida mutaxassislar hududning rekultivasiya qilish, qurilish-montaj, izolyasiya va himoya ishlarini olib borish bo`yicha eng xavfsiz va maqbul variant va rejalarni tanlagan.

Rekultivasiya ishlari 2023 yilning birinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan bo`ib, taxminan ikki yil ichida yakunlanadi.

Loyiha doirasidagi qurilish va reabilitasiya ishlari mahalliy va germaniyalik mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladi.

Ta`kidlanishicha, ijtimoiy yo`naltirilgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi ushbu hududlarning ekologik xolatini  yaxshilashda katta o`rin tutadi. Yaqin kelajakda sanitariya-ekologik vaziyatni yaxshilash hududning barqaror rivojlanishiga, qishloq xo`jaligi va boshqa tarmoqlarga qo`shimcha investisiyalar jalb etilishiga, shuningdek, hududlarning turistik  va ekoturistik salohiyatini rivojlantirishga, mahalliy aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.  

Uchrashuv yakunida  loyihani amalga oshirish bo`yicha tomonlarning majburiyatlari yuzasidan kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1