2022 yil 1 sentyabrdan 2024 yil oxiriga qadar haydovchidan tashqari 4 tadan ortiq bo`lmagan o`rindiqlarga ega engil avtotransport vositalarida yo`lovchilarni tashuvchilar o`zini o`zi band qilishi mumkin. Bu haqda DSQ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, o`zini o`zi band qilgan shaxslar tomonidan yo`lovchilarni tashish faoliyati lisenziya varaqasiga asosan amalga oshiriladi. Bunda quyidagi jarayonlar amalga oshiriladi:
- Lisenziya varaqasi berishda avtomobilning ekspluatasiya davriga qo`yilgan talab bekor qilinadi;
- O`zini o`zi band qilgan tashuvchilar bir yilda bir marotaba transport vositasini texnik ko`rikdan o`tkazishi shart;
- Ular bir yilda bir marotaba tibbiy ko`rikdan o`tishi shart;
- Lisenziya varaqasi uchun davlat boji yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari (300 ming so`m) miqdorida undiriladi;
- Lisenziya varaqalarida faoliyat hududi aks ettiriladi;
- O`zini o`zi band qilgan tashuvchilar avtomobilining tom qismiga “TAXI” belgisi o`rnatiladi.
Ta`kidlanishicha, boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan shaxslar bir vaqtning o`zida o`zini o`zi band qilgan holda yo`lovchilarni tashish faoliyati bilan shug`ullanishlari mumkin.