Sal avval, Sirdaryo viloyati hokimi G`ofurjon Mirzaev Prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangani xabar qilingan edi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev yangi maslahatchi bo`yicha shaxsiy mulohazalarini e`lon qildi.
"Sirdaryoda Sardoba suv ombori talofatidan jabr ko`rgan tadbirkorlarga kompensasiya pullarini to`liq qoplab bermagan, Prezident Administrasiyasi topshiriqlarini ham bajarmay, tadbirkorlarni norozi qilib kelgan G`ofurjon Mirzaev Prezidentga maslahatchi bo`libdi.
U davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha maslahatchi hisoblanadi. Ochig`i men hech kutmagandim, "shok"daman.
Bu kishini tadbirkor va fuqarolarni norozi qilib kelgani uchun ko`p tanqid qilganman va ularning Prezidentga yaxshi va xolis maslahatchi bo`la olishiga ishonmayman. Ko`ramiz G`ofurjon Mirzaev yangi lavozimidan foydalanib o`zini tanqid qilganlarga bosim o`tkazib, ishdan chetlatishni boshlaydimi yo`qmi. Mayli o`lmasak ko`raveramiz", - deya yozib qoldirdi faol deputat.
Eslatib o`tamiz, G`ofurjon Mirzaev tayinlangan lavozim yangi tashkil etilgan bo`lib, avvalgi ikkita maslahatchi lavozimini birlashtirish orqali tashkil etilgan.