“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Siyosat 03.12.2022, 09:21
“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoev “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lumki, hozirgi zamonda energetika va ekologiya muammolari dolzarb bo`lib bormoqda. Shu bois mamlakatimizda ko`plab quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkor texnologiyalar joriy qilinmoqda.

Bu yo`nalishni izchil davom ettirish maqsadida, Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o`tish va energiya tejamkorlik dasturini ishlab chiqish belgilangan edi. Taqdimotda mazkur dasturda ko`zda tutilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, bu hujjatda sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga o`tish va energiya tejamkorligini ta`minlash bo`yicha konsepsiya belgilanadi.  Shu asosida 25 ta strategik ahamiyatga ega korxonada yoqilg`i-energetika resurslarini tejashning maqsadli ko`rsatkichlari tasdiqlanadi.

Bu orqali 2022-2026 yillarda sanoat tarmoqlarida 3,9 milliard kub metr tabiiy gazni, 4 milliard kilovatt soat elektr energiyasini va 21 ming tonna neft mahsulotlarini tejash rejalashtirilmoqda. Buning natijasida har bir mahsulot tannarxida energiya ulushini 20 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

2023 yil 1 iyundan boshlab mahsulotlarning ekologik toza energiya va texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.

Shu maqsadda issiqxona gazlarining chiqarilishi bosqichma-bosqich tartibga solinadi. Bunda tabiatga zararni qisqartirish ishlarini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash choralari ko`riladi.

Shuningdek, “ifloslantiruvchi to`laydi” tamoyilini to`liq joriy etish, bu boradagi moddalar ro`yxatini kengaytirish va yig`im stavkasini oshirish ham taklif etilmoqda.

“Yashil” iqtisodiyot bo`yicha ilmiy tadqiqotlarni ko`paytirish, innovasion loyihalarni tatbiq etish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

Hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab boruvchi guruh ham shakllantiriladi. Uning tarkibiga 15 ta xalqaro tashkilot va moliya institutlarining rahbarlari kiritiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, har bir tarmoq kesimida energiya tejamkorligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarishda energiya xarajatini kamaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1