AsosiySalomatlik
110978

O`g`il bola salomatligiga doir 5 muhim qoida

Urolog shifokorlarning fikricha, erkakni butun umri davomida qiynaydigan jinsiy muammolar bolaligidan boshlanadi. Afsus, ularning aksariyati farzand salomatligiga beparvolik tufayli ro`y beradi. Muxlislarimiz o`g`il farzand parvarishida bu kabi xatolarga yo`l qo`ymasliklari uchun bu haqda tegishli tavsiyalarni beramiz. Mavzu yuzasidan shifokor-urolog Ulug`bek ERGAShEV ma`lumot beradi. 

1.  Jinsiy a`zolarni isib ketishdan asrang. Hozirgi kunda bu eng katta muammo. Negaki, farzandlarimiz tug`ilganidan to 2 yoshga to`lguniga qadar kunu tun pampersda yurishadi. Onalar uchun qanchalik qulay bo`lmasin, sho` vaqtida almashtirilmagan taglik jinsiy a`zolarning qizishiga sabab bo`lishi mumkin. Bu esa bolaning moyaklari uchun xavfli. Xuddi shu holat onalarning bolaga haddan ziyod issiq kiyimlar kiydirishi oqibatida ro`y beradi. Kunduzi bolaga pampers kiydirish shart emas. Uni chilla davrida to`sishga o`rgatsangiz, bas, pampers taqishga ehtiyoj qolmaydi. Shu yo`l bilan farzandingizni ikki noxush dard – balanopostit (moyaklarning yallig`lanishi) va enurez (siyg`oqlik)dan saqlagan bo`lasiz. 

2.  Gigienaga rioya qiling. Albatta, har bir ona chaqaloqning parvarishlashning umumiy qoidalarini biladi. Ammo o`g`il bolaning jinsiy a`zolari parvarishi haqida hamma ham xabardor emas. O`g`il bolaning jinsiy a`zosi usti teri bilan berkitilgan bo`ladi. Agar ona bolaning a`zosini bir kunda 3-4 martagacha iliq suvda sovunlab yuvmasa, jinsiy a`zo uchini yopib turuvchi teri ostida zararli bakteriyalar yig`ilib, u erda kuchli yallig`lanish ro`y beradi. Bu esa bir qator siydik yo`llari kasalilklariga turtki bo`ladi hamda kelajakda o`g`ilchangizning nasl qoldirish qobiliyatiga ta`sir qiladi. Bunday bo`lmasligi uchun bolani har uch soatda ostini issiq suvda yaxshilab yuvish va sochiqchada artgach, ochiq havoda ishtonsiz biroz qoldirish foydali. 

3.  Tor kiyimlar kiydirmang. Bu ayniqsa ichki kiyimlarga tegishli. Aksariyat onalar o`g`il farzandlariga tor “plavka” yoki shortik ko`rinishidagi ichki kiyim kiydirishadi. Ular jinsiy a`zoni siqib, moyaklarning yaxshi rivojlanishiga to`sqinlik qiladi. Natijada jinsiy a`zoda qon aylanishi buziladi. Onalarimiz o`g`illariga xalq orasida “oilaviy” deb nomlangan bo`ksa va moyak sohasini siqib turmaydigan keng ichki libos kiydirishlari, uning 100 foiz paxtadan tayyorlanganini va yuvilganda o`chmasligiga ahamiyat berishlari kerak. Albatta, yuvilgach unga dazmol bosishni ham yodda tutish zarur. 

4.  Shikastlanishdan asrang. Maktab yoshidagi bolalar “urush-urush” o`ynash paytida bir-birlariga shikast etkazishlari tabiiy. Ko`p hollarda bola o`yin bilan bo`lib, aynan qaysi joyiga zarb etganini eslamaydi ham. Lekin qorin ostiga tushgan kuchli zarb keyinchalik urug` tushishining qiyinlashuvi, jinsiy zaiflikka olib kelishi hech gapmas. Ko`p hollarda bu shikastlar siydik pufagi sohasida bo`ladi. Og`rik quchidan bola hushidan ketishi ham mumkin. Bolaga tengdoshlari bilan o`ynaganda qorin ostiga urmaslikni va o`zini ham bunday harblardan himoyalash kerakligini uqtiring. Bordi-yu, bunday holat ro`y bergan bo`lsa, bola og`riqdan shikoyat qilsa, zudlik bilan shifokor-urolog yoki andrologga murojaat qilish zarur. 

5.  Yuqumli kasalliklardan ehtiyot qiling. O`g`il bola uchun ayniqsa yoshlikda ko`p uchraydigan parotit (tepki) kasalligi xavfli sanaladi. Agar farzandingizda bu kasallik kuzatilsa, terapevt bilan bir qatorda uni urolog ko`rigidan ham o`tkazing. Chunki tepki bolaning tuxumlarini zararlab, uni nobud qilish xususiyatiga ega. Har kuni bemor bolaning jinsiy a`zolarini tekshiring, moyaklari qizargan yoki shishganligiga alohida ahamiyat bering. Bunday holatda shifokor buyurgan mikrobga qarshi dori vositalar yordamida kasallikni davolash mumkin.

Bola voyaga etayotgan paytda uni yana bir noxush kasallik kutib turishi mumkin. Gap o`g`il bolalarda uchraydigan varikosele kasalligi haqida ketmoqda. U jinsiy a`zodagi pastga tortuvchi og`riq, moyakning kattalashuvi bilan ifodalanadi. Bu kasallikni zudlik bilan jarrohlik usuli qo`llab davolash talab etiladi. Agar muolaja vaqtida bajarilmasa, kasallik bolaning buyragiga, voyaga etganida esa erlik quvvatiga jiddiy ta`sir qilishi mumkin. Shunday ekan, kasallikni oldini olish muhim sanaladi. Kasallikning oldini olish uchun bolada ich qotishiga yo`l qo`ymaslik,  og`irliklar ko`tarishdan saqlash, siydik yo`llari kasaliklaridan asrash zarur. 

Ushbu beshlikka rioya qilinsa, o`g`il bola salomatligidagi ko`pgina noxushliklardan saqlanish mumkin. Asosiysi, farzandingiz salomatligiga doir har qanday o`zgarishlarga beparvo bo`lmang. O`z vaqtida payqalgan har qanday kasallikning oldini olish mumkin.

Barno HOJIMIRZAEVA yozib oldi.

Boshqa yangiliklar