Hozir dunyo bo`yicha 1,25 milliard nafar chekuvchi bor. Ularning 60 foizi — 750 milliondan ortig`i bu illatdan xalos bo`lishni istaydi. Ammo shulardan 70 foizi bunga ko`maklashuvchi samarali xizmatlar va vositalardan foydalanish imkoniga ega emas, deyiladi O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabarida.
Bu omillar Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining tamaki qaramligidan qutilishga doir klinik qo`llanmani ishlab chiqishi uchun asos bo`ldi.
JSST rahbari Tedros Gebreyesusning ta`kidlashicha, kattalar uchun mo`ljallangan va qariyb barcha turdagi tamaki mahsulotlari iste`molidan xalos bo`lishga yordam beruvchi ushbu yo`riqnoma mazkur xavfli illatga qarshi global miqyosda kurashish borasida muhim qadamdir.
Qo`llanmada tamakiga qaramlikni davolashda vareniklin dori vositasi, nikotinni almashtirish terapiyasi, burpropion antidepressanti va sitizin preparatidan foydalanish tavsiya qilingan.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida rejali tibbiy yordam sifatida xulqiy terapiyani qo`llash maqsadga muvofiqligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, mazkur jarayonda elektron matnli xabarlar, smartfon ilovalari va internet dasturlari kabi raqamli texnologiyalar yaxshi samara berishi mumkin.
JSST sog`liqni saqlash muassasalari, boshqaruv organlari va boshqa manfaatdor tomonlar chekishga qarshi kurashish va millionlab odamlar salomatligini yaxshilashda ushbu ko`rsatmalarni amaliyotda joriy etishi ijobiy natija beradi, degan xulosada.