Yoz fasli kirib kelishi bilan ko`pchilik jaziramadan qochish va salqinlanish maqsadida cho`milish uchun ochiq suv havzalariga talpinadi. Suzishning organizm uchun foydali jihatlari ko`p, albatta. Ammo suv havzalarida cho`milish chog`ida turli kasalliklarni yuqtirib olish xavfi mavjud.
Toshkent shahar 1-son yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi bosh shifokori Gulnoza Qurbonova ochiq suv havzalarida cho`milish vaqtida turli zamburug`li infeksiyalar tufayli dermatit va boshqa teri kasalliklarini yuqtirib olish mumkinligini aytdi.
— Cho`milish havzalaridagi ifloslangan suvda uchrashi mumkin bo`lgan ichak tayoqchasi va enteroviruslar o`tkir virusli ichak infeksiyalari, gepatit (A,E), ichburug`, ichterlama, lyamblioz, salmonellyoz kabi kasalliklarni keltirib chiqaradi, — deydi mutaxassis. — Bunday virus va bakteriyalar suvga insonning yuvilmagan qo`llari, qusiq moddalari, qush yoki hayvonlarning najasi, hashoratlarning lichinkalari orqali tushadi.
25-45 daraja issiqlik bakteriya va viruslarning ko`payishi va uzoq yashashi uchun optimal harorat hisoblanadi. Shu bois yoz faslida kasallik qo`zg`atuvchilari suvda bir necha kundan bir necha oygacha saqlanishi mumkin
Xastalik belgilari taxminan 12-48 soat oralig`ida holsizlik, ko`ngil aynishi, qusish, tana haroratining ko`tarilishi, ich ketishi, qorin dam bo`lishi kabi alomatlar bilan namoyon bo`ladi.
Ochiq suv havzalarida cho`milish vaqtida turli zamburug`li infeksiyalar tufayli dermatit va boshqa teri kasalliklarini ham yuqtirib olish mumkin.
Ifloslangan suvdagi bakteriya va viruslarning ko`z shilliq qavatiga tushishi esa kon`yunktivit yoki keratitga olib keladi.
Suv havzalarida cho`milish vaqtida shu kabi kasalliklarga chalinish xavfini kamaytirish uchun bir qancha qoidalarga rioya qilish kerak.
Avvalo, cho`milish taqiqlangan, ifloslangan, tekshirilmagan va notanish suv havzalariga tushmaslik lozim. Ruxsat etilgan joylarda cho`milganda ham suvning ko`z, burun va og`izga tushishidan saqlanish muhim. Agar tanada ochiq yaralar bo`lsa, cho`milishdan tiyilgan ma`qul.
Cho`milishdan oldin va keyin sovun bilan yaxshilab yuvinish va kiyimlarni almashtirish zarur.
Bundan tashqari, ochiq havzalarda cho`milish uchun atmosfera harorati +20...+25, suv iliqligi esa +17...+19 darajadan kam bo`lmagan sharoit zarur.
Quyosh faol bo`lgan pallada (12:00 dan 16:00 gacha) oftob tig`idan saqlanish kerak. Chunki ultrabinafsha nurlarining davomiy ta`siri kataraktaga va keyinchalik ko`z nuri butunlay yo`qolishiga sabab bo`ladi.
Shuningdek, kuchli ultrabinafsha nurlari tufayli allergik reaksiyalar, teri saratoni yuzaga kelishi xavfi ham mavjud.
Ta`kidlash joiz, sun`iy suzish havzalari ham turli infeksiyalarni yuqtirib olish xavfidan xoli emas. Shu sababli ularning tozaligiga, suvi o`z vaqtida almashtirilganiga ishonch hosil qilish lozim. Agar bunday hovuz kafellari sirpanchiq bo`lsa, suv eskirganidan dalolat beradi. Basseyn suvi sovuq bo`lmasligi ham muhim, chunki bunday harorat tomir tortishishiga olib kelishi mumkin.
Agar sizda cho`milish paytida yoki undan keyin kasallik alomatlari kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak.