AsosiySalomatlik

Alkogol va narkotik yiliga 3,2 million kishining o`limiga sabab bo`lmoqda

'Alkogol va narkotik yiliga 3,2 million kishining o`limiga sabab bo`lmoqda'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining yangi hisobotiga ko`ra, spirtli ichimliklar iste`moli yiliga 2,6 million kishining umriga zomin bo`lmoqda. Bu dunyodagi barcha o`lim holatlarining 4,7 foiziga teng. Bu haqida Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

 Qayd etilishicha, yana 600 ming odamning hayotdan erta ko`z yumishi psixoaktiv moddalar qabul qilish bilan bog`liq. 

 Tahlillarda keltirilishicha, hozir Er yuzi aholisining qariyb 400 million nafari alkogol va giyohvand moddalar iste`mol qilishdan aziyat chekmoqda. Ulardan 209 million nafari spirtli ichimliklarga qaram bo`lib qolgan. Oqibat va asoratlar esa ayanchli.

 Masalan, 2019 yilda alkogol bilan bog`liq o`limning taxminan 1,6 millioni yuqumli bo`lmagan kasalliklar, jumladan, 474 mingtasi yurak-qon tomir va 401 mingtasi saraton xastaliklari tufayli sodir bo`lgan.

 Taxminan 724 ming kishi jarohatlar, xususan, yo`l-transport hodisalari, o`z-o`ziga zarar etkazish va shaxslararo zo`ravonlik natijasida vafot etgan. Yana 284 ming kishi yuqumli kasalliklar qurboniga aylangan. 

 Spirtli ichimliklar bilan bog`liq o`lim holatlarining eng yuqori ulushi, ya`ni 13 foizi 20-39 yoshdagi aholi qatlamiga to`g`ri kelgan. 

 Jahon bo`yicha 15-19 yoshli o`smirlarning 23,5 foizi spirtli ichimliklar iste`mol qiluvchilardir. Ularning katta qismi Evropa mintaqasi (45,9 foiz) hamda Shimoliy va Janubiy Amerika (43,9 foiz)da yashaydi.

Shundan kelib chiqib, JSST hukumatlarni 2022-2030 yillarga mo`ljallangan alkogolga qarshi global harakat rejasini amalga oshirish bo`yicha sa`y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar