Fransiyada mamlakatning yirik kasaba uyushmalari uyushmasi tomonidan pensiya yoshini 64 yoshga ko`tarishga qarshi ommaviy ish tashlash va norozilik namoyishlari boshlandi. Tashkilotchilar rejasiga ko`ra, mitinglar Fransiyaning 215-250 shahrida o`tkazilishi kerak, deb yozgan Ouest-France gazetasi.
Nashrning yozishicha, ish tashlashda, xususan, ta`lim, transport va energetika sohalari xodimlari, oliy o`quv yurtlari talabalari va o`rta maktab o`quvchilari ishtirok etgan. Fransiya hukumati fuqarolarni metro faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan nosozliklar, poezdlar va samolyotlar qatnovining buzilishi haqida ogohlantirmoqda. Le Figaro nashrining yozishicha, Fransiyada elektr energiyasi ishlab chiqarish qisqarishi mumkin, chunki eng yirik davlat ishlab chiqaruvchi EDF kompaniyasi ishchilari ham ish tashlashmoqda.
Nashrlarning qayd etishicha, ish tashlashlar vaqtida jamoat tartibini himoya qilish uchun Fransiya huquq-tartibot idoralari 10 mingdan ortiq polisiyachini safarbar etadi.
Ma`lumot uchun: 10 yanvar kuni Fransiya hukumati 2030 yildan boshlab eng kam pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga ko`tarishni rejalashtirayotganini ma`lum qildi. Yangi pensiya yoshi 1961 yil sentyabr oyidan keyin tug`ilgan fuqarolar uchun qo`llaniladi. Bloomberg ma`lumotlariga ko`ra, rasmiylar 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshiradi.