Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tumanida Nexia-3 va yuk mashinasi ishtirokida oxiri o`lim bilan yakunlangan YTH sodir bo`ldi. Bu haqda Qoraqalpog`iston IIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, 4 fevral kuni A-380 G`uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu avtomobil yo`lining “Jasliq” posyolka fuqarolar yig`inidan o`tgan qismida Nexia-3 haydovchisi Qo`ng`irot tumani yo`nalishi bo`ylab harakatlanib ketayotganida boshqaruvini yo`qotib, qarama-qarshi yo`nalishda harakatlanib ketayotgan Mersedes-Benz yuk mashinasi bilan to`qnashib ketgan.
“KRuz.uz” xabariga ko`ra, YTH oqibatida “Jasliq” posyolkasida yashovchi 5 nafar odam — ikki erkak va uch nafar ayol vafot etgan.
Holat yuzasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV qoshidagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266- moddasi 3-bo`lim “a” (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o`limiga sabab bo`lishi) bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.