2023 yil 13 mart kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlaribo`yicha Oliy komissari Folker Tyurk bilan uchrashuv bo`ldi.
Uchrashuvda O`zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so`z bordi. Mamlakatimiz BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasining samarali va mustaqil faoliyat yuritishini qo`llab-quvvatlashi, keyingi davrda BMTning mazkur Boshqarmasi bilan o`zaro hamkorlik amaliy ruhda izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi ekspertlari ishtirokida ishlab chiqilgan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu hujjatda inson huquqlari masalasiga tizimli yondashish va mavjud bo`shliqlarni, kamchiliklarni bartaraf etish ochiq-oydin ko`rsatilgani uni amalda tatbiq etishni osonlashtirmoqda.
Mamlakatimiz BMTning ustav va shartnomaviy organlari doirasida inson huquqlari sohasi bo`yicha zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini bajarib kelmoqda. O`zbekiston BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi ko`magida Inson huquqlari bo`yicha kengashning Universal davriy hisoboti mexanizmi doirasida berilgan tavsiyalarning bajarilishi bo`yicha o`z ma`ruzalarini tayyorlash borasida ilg`or davlatlardan biriga aylangani ham buni tasdiqlaydi.
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi O`zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish bo`yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar o`zaro hamkorligini, milliy ma`ruzalar tayyorlanishi, inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik kengaytirilishini ta`minlovchi davlat organi hisoblanadi. Milliy markaz normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, inson huquqlari sohasidagi O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini milliy qonunchilikka va huquqni qo`llash amaliyotiga implementasiya qilishni ta`minlash bo`yicha takliflar tayyorlab, tegishli tartibda taqdim etib kelmoqda.
Milliy markaz aholining huquqiy savodxonligini oshirishga ko`maklashish, inson huquqlariga rioya qilish masalalari bo`yicha ilmiy tadqiqotlarni tashkil etishga alohida e`tibor qaratmoqda. Bu o`rinda 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tgan «Inson huquqlari sohasida ta`lim» mavzusidagi Global forum BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etilganini ta`kidlash lozim.
Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari F.Tyurk Global forum ishtirokchilariga yo`llagan videomurojaatida O`zbekiston hukumatining inson huquqlari sohasida ta`lim va tarbiya bo`yicha zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarish hamda bu borada boshqa mamlakatlar bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan samarali sa`y-harakatlarini yuqori baholagani yana bir bor e`tirof etildi.
Joriy yil 30 aprelda referendumga qo`yiladigan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to`g`risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasining mohiyati va ahamiyati haqida ham fikr almashildi. Konstitusiyaviy qonun loyihasi bo`yicha tavsiyalarini yo`llagani uchun BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissariga minnatdorlik bildirildi.
Qonun hujjatlarini inson huquqlari nuqtai nazaridan takomillashtirishda jinoiy jazo ko`zda tutilgan ayrim normalarni imkon qadar kamaytirish yoki yumshatish bu borada kutilgan ijobiy natijalarni berishi qayd etildi. F.Tyurk o`zi rahbarlik qilayotgan BMT Boshqarmasi ushbu yo`nalishdagi qonun loyihalarining xalqaro andozalarga qanchalik mosligini o`rganib, tegishli tavsiyalar berishga hamisha tayyor ekanini ma`lum qildi.
Tomonlar o`zaro hamkorlik munosabatlarining boshqa sohalarini ham atroflicha muhokama qildilar.
Inson huquqlari bo`yicha
O`zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati