Kecha, 2 aprel kuni Toshkent shahrida kuchli yomg`ir yog`ishi oqibatida turli suv toshqinlari yuzaga keldi. Ma`lum qilinishicha, poytaxtda bir necha soat ichida oylik yog`inning uchdan biri yog`gan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasining 500 dan ortiq xodimlari va 100 dan ortiq maxsus texnikalari jalb etilib, 23:00 gacha barcha manzillardagi holatlar bartaraf etildi.
Yomg`ir suv toshqinlaridan tashqari boshqa oqibatlarni ham yuzaga keltirdi. Xususan, Yakkasaroy tumani Bobur ko`chasida joylashgan 1963- yilda qurilgan 59-uyning 17-19-xonadonlari balkon qismi siljib tushdi.

Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani hokimligi ma`luiot taqdim etdi. Ma`lum qilinishicha, holat zudlik bilan Yakkasaroy tumani hokimligi, tuman FVB qutqaruvchilari va Toshkent shahar Hududiy uy-joy fondini nazorat qilish inspeksiyasi mas`ullari tomonidan o`rganildi.
Xonadon egalariga va uyning ichki qismiga hech qanday zarar etmagan. Holat bo`yicha tegishli tashkilotlar tomonidan instrumental texnik ko`rikdan o`tkazish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirildi.
"Bu haqida keyinroq to`liqroq ma`lumot beramiz", deyiladi tuman hokimligi Matbuot xizmati xabarida.





