1

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Iqtisodiyot 04.05.2023, 13:22
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bank boshqaruvi 2023 yil 4 maydagi yig`ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirish to`g`risida qaror qabul qildi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, ushbu qaror iqtisodiyotda narxlar o`sishining yanada sekinlashishiga yordam beruvchi pul-kredit sharoitlarini ta`minlash, shuningdek, mart oyidagi asosiy stavka pasaytirilishining yalpi talab va taklifning muvozanatlashuviga ijobiy ta`sirlarini davom ettirishga qaratilgan.

Yillik inflyasiya darajasi mart va aprel oylarida ham pasayishda davom etdi hamda mos ravishda 11,7 va 11,0 foizga teng bo`ldi. Ushbu pasayishda mavsumiy omillar va o`tgan yildagi yuqori baza effekti ham muhim ahamiyat kasb etgani ta`kidlandi.

Inflyasiyaning uzoq muddatli va barqaror omillarini ifoda etuvchi bazaviy inflyasiyada ham mart oyida sezilarli pasayish dinamikasi kuzatilib, yillik 12,9 foizgacha sekinlashdi (2022 yil dekabr oyida 13,8 foiz). Bunda, bazaviy inflyasiyaning umumiy inflyasiyaga hissasi o`tgan yilning oktyabr oyidan buyon birinchi marta 10 foiz banddan kamroqni tashkil etdi.

Keltirilishicha, ayni paytda, bazaviy inflyasiya darajasining umumiy inflyasiyadan yuqoriligi iqtisodiyotda ma`lum bir inflyasion xatarlarni saqlanib qolayotganligi ifodalaydi.

Kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining inflyasion kutilmalari ham pasayish tendensiyasiga qaytdi va mos ravishda 14,4 va 14,1 foiz darajasida shakllandi. Bunda, aholining inflyasion kutilmalari bo`yicha javoblar medianasi — 11,5 foizgacha va tadbirkorlik sub`ektlariniki — 11,4 foizgacha pasaydi.

Joriy yilning yanvar oyida iqtisodiyotda inflyasion kutilmalar keskin oshib, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy vaziyat hamda narxlar bo`yicha xavotirlari oshganligini namoyon qilgan edi. Kutilmalarning pasayishi va uzoq muddatli trendiga yaqin shakllanishi inflyasion jarayonlarning sekinlashuvi bo`yicha umumiy tendensiyalarning kelgusida ham davom etishi borasidagi mulohazalarni kuchaytirmoqda.

Tashqi moliyaviy sharoitlarning qat`iylashib borayotganligi jahon va mintaqaviy moliya bozorlarida tebranuvchanlikning kuchayishida namoyon bo`la boshladi.

Xalqaro bank tizimida yuzaga kelayotgan xatarlarga nisbatan tezkor javob choralari qo`llanilishiga qaramay, kreditlash shartlarida qat`iylik va kelgusi xatarlar bo`yicha noaniqliklarning yil oxirigacha saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.

O`tgan yildagi yuqori darajadagi transchegaraviy pul o`tkazmalari, joriy yilda davlat byudjeti xarajatlarining oshishi, shu jumladan, ish haqi va nafaqalarning oshirilishi iste`mol talabi o`sishini qo`llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo`lmoqda. Bu, o`z navbatida, kelgusi choraklarda iqtisodiy faollikning yuqori bo`lishini ta`minlashga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Pul bozorida nisbatan qat`iy pul-kredit sharoitlari saqlanib qolinmoqda. Yanvar-aprel oylarida UZONIA indeksi to`liq foiz koridori doirasida, asosiy stavka pasaytirilishidan so`ng esa 13 foiz atrofida shakllandi.

Tijorat banklari depozit bazasining o`sish sur`atlarida jadallashish kuzatilmoqda. Aprel oyi yakunlari bo`yicha milliy valyutadagi muddatli depozitlar qoldig`i o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga oshdi.

Iqtisodiyotni kreditlash sur`atlarining o`sishi, asosan milliy valyutada ajratilgan kreditlar hisobiga, tezlashdi. Tijorat banklari tomonidan yanvar-aprel oylarida ajratilgan kreditlar hajmining 1,3 barobarga o`sishida aholiga berilgan avtokreditlar, mikroqarzlar va iste`mol kreditlarining yuqori sur`atlarda oshganligi asosiy omil bo`ldi.

Ushbu tendensiyalar, o`z navbatida, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining pasayishida ham o`z aksini topib, depozitlar bo`yicha dollarlashuv darajasi — 30,6 foizgacha, kreditlar bo`yicha esa — 44,3 foizgacha pasaydi.

Jahonda iqtisodiy o`sish bo`yicha yangilangan prognozlarga ko`ra, 2023 yilning II yarmida global iqtisodiy o`sish ko`rsatkichlarining sekinlashishi kutilmoqda. Global inflyasiya kutilganidan ko`ra sustroq pasayishda davom etadi.

Ayni paytda, xizmat ko`rsatish sohasidagi narxlarda barqaror o`sish tendensiyalari kuzatilmoqda. Aksariyat mamlakatlarda bazaviy inflyasiyaning yuqoriligicha qolayotganligi, qat`iy global moliyaviy sharoitlarning uzoqroq muddat saqlanib qolishi bo`yicha ehtimollarni kuchaytirmoqda.

"Jahon xomashyo bozorlarida yuqori tebranuvchanlik yuzaga kelib, asosiy eksport tovarlari narxlari bo`yicha noaniqliklar ortmoqda", — deyiladi Markaziy bank xabarida .

Tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilayotgan kreditlar hajmining keskin o`sishi qarz yukini oshirishi orqali moliyaviy va makroiqtisodiy barqarorlik bo`yicha xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligini inobatga olib, Markaziy bank tomonidan makroprudensial siyosat choralarini qo`llash orqali kreditlar o`sishini muvozanatlashtirish choralari ko`riladi.

Joriy yilning I choragi dastlabki natijalari, iqtisodiyotda aksariyat ko`rsatkichlar makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida shakllanayotganligini tasdiqlamoqda.

"Yangilangan prognozlarga ko`ra, 2023 yil yakunlari bo`yicha real YaIM o`sishi dastlabki prognozlardan ko`ra yuqoriroq bo`lishi bo`yicha ehtimollar ortmoqda", - deya qayd etdi Markaziy bank.

Yil yakuni bo`yicha inflyasiya darajasining prognoz diapazoni 8,5−9,5 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirildi. Inflyasion kutilmalar dinamikasi, pul bozoridagi nisbatan qat`iy pul-kredit sharoitlari, asosiy mahsulotlar taklifi bo`yicha vaziyatning barqarorlashib borayotganligi, inflyasiyaning mazkur prognoz koridori o`rtasida shakllanishi bo`yicha ishonchni oshirmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko`rib chiqish bo`yicha navbatdagi yig`ilishi 2023 yil 15 iyunga belgilangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1