AsosiyIqtisodiyot

Avstriya moliya vaziri O`zbekistonga keladi

'Avstriya moliya vaziri O`zbekistonga keladi'ning rasmi

O`zbekiston elchisi Abat Fayzullaev Avstriya federal moliya vaziri Magnus Brunner bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog`ida bank-moliya sohasida ikki tomonlama aloqalar, xalqaro moliya institutlari doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Magnus Brunner 16-18 may kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tadigan Evropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Boshqaruvchilar kengashi yig`ilishidagi ishtiroki doirasida O`zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma`lum qildi. Vazir, shuningdek, ETTB Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig`ilishiga shaxsan o`zi raislik qilishini ta`kidladi.

Shu yilning 16-18 may kunlari Samarqand shahrida aksiyadorlari 71 davlat, shuningdek, Evropa Ittifoqi va Evropa investisiya banki bo`lgan ETTB Boshqaruvchilar kengashining Yillik yig`ilishi bo`lib o`tadi. Ushbu nufuzli anjumanda 2000 ga yaqin xorijiy hukumat vakillari, transmilliy korporasiyalar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va banklari rahbarlari, iqtisodiyot, investisiyalar, moliya va texnologiyalar sohasidagi ekspertlar, xorijiy OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir davomida jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan tendensiyalar muhokama qilinadi, shuningdek, bank amaliyoti va moliyaviy faoliyati bilan bog`liq institusional masalalar ko`rib chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar