1

"Afg`onistondan neft sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan" — "O`zbekneftgaz" rasmiy munosabat e`lon qildi

Iqtisodiyot 07.08.2023, 12:03
"Afg`onistondan neft sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan" — "O`zbekneftgaz" rasmiy munosabat e`lon qildi

Sal avval Afg`oniston hukumati neft sifati pastligi sababli 67 ta neft tankini O`zbekistonga qaytarishga qaror qilgani xabar qilingan edi.

"O`zbekneftgaz" AJ mazkur holat bo`yicha rasmiy bayonotni e`lon qildi. 

Ma`lum qilinishicha, joriy yil 17 may kuni “Uzbekistan GTL” MChJ va Turkiya kompaniyasi o`rtasida sintetik dizel komponentini eksportga sotish bo`yicha offteyk shartnomasi imzolangan. 24-26 iyun kunlari xaridor talabnomasiga asosan, “Uzbekistan GTL” MChJ tomonidan jami 3,4 ming tonna (67 ta vagon) mahsulot Qashqadaryo viloyati G`uzor tumanidagi "Kengsoy" stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirilgan.

Ma`lumot o`rnida, “Uzbekistan GTL” MChJ zavodining dizel yonilg`isi uchun sintetik komponent EN 15940 Evropa standartiga muvofiq Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqatgina O`zbekistonda “O`zDSt 3134-2017” davlat standarti asosida ishlab chiqariladi. Hozircha Afg`onistonda bu standart joriy qilinmagan.

Mahsulotni eksport qilish jarayonida sintetik dizel va uning komponenti Afg`onistonning ANSA (Afg`oniston standart agentligi) tashkilotida ro`yxatdan o`tmaganligi haqida xaridorga ham ma`lum qilingan. Xaridor tomonidan mahsulot komponent sifatida an`anaviy dizel bilan kompaundlashtirilgan holda Afg`oniston bozoriga olib kirilishi rejalashtirilgani bildirilgan.

"O`zbekneftgaz" AJ shuni ma`lum qiladiki, xaridorga topshirilgan 3,4 ming tonna (67 ta vagon) sifatli mahsulot uchun to`lov 100 foiz amalga oshirilgan, Afg`oniston hukumati tomonidan “Uzbekistan GTL” MChJga sifatsiz mahsulot sifatida qaytarilmagan. Shartnoma shartlariga asosan xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib qanday usulda sotishini o`zi belgilaydi.

Eslatib o`tamiz, "O`zbekneftgaz" AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar doimiy va tizimli ravishda xalqaro va milliy standartlarga muvofiqlashtirib boriladi, deyilgan rasmiy munosabatda. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1