AsosiySalomatlik

Immunitetni mustahkamlashning eng oson usullari

Aloe

Aloe yaproqlarini sovuq suvda yuvib, maydalab bo`laklang-da, dokaga o`rab, sharbatini siqib oling. 2 osh qoshiq aloe sharbatiga 1 choy qoshiq asal qo`shib, 5-6 kun tindirib qo`ying. Kuniga 2-3 marta ovqatlanishdan oldin 1 choy qoshiqdan qabul qilinadi.

Brusnika va klyukva

Brusnika va klyukva mevalaridan (bozorlarda sotiladi) kompot tayyorlab, har kuni 1 stakandan ichib turing.

Bodrezak (kalina) va anor

Anor donalari va bodrezak mevalarini teng miqdorda aralashtiring. Sovuq va salqin joyda usti yopiq idishda saqlang. Ushbu aralashmadan 1 osh qoshiq olib, ustidan yarim stakan xona haroratidagi qaynagan suv qo`shing. 40 daqiqa davomida tindirib qo`ying. Bunday ichimlikni kuniga 2-3 marta ichish kerak.

Yorongul

Infeksion kasalliklarning oldini olish maqsadida uyda (imkon bo`lsa, ishxonada ham) yorongul o`stiring. Undan ajralib chiqadigan moddalar bakteriya va viruslarni o`ldiradi.

Jenshen

Grippni boshdan o`tkazgan insonlarga kasallikning 5-7 kuni asal-jenshenli jele iste`mol qilish tavsiya etiladi. Giyohning quritib maydalangan ildizini asal bilan aralashtiring (25 gr. ildizga 700 gr. asal) va 10 kun davomida tindirib qo`ying. Kuniga 3 mahal ovqatlanishdan yarim soat oldin 1 choy qoshiqdan iste`mol qilinadi. Davolash kursi — 2 oy.

Limon

Bitta limon sharbatini siqib olib, 1 litr qaynagan suvga aralashtiring. 5 osh qoshiq asal ham qo`shing. Bu ichimlikni kun davomida ichib tugatish kerak.

Limon va sarimsoq piyoz

10 ta limonni po`stlog`i bilan birga mayda tishli qirg`ichdan o`tkazing. Faqat danaklarini olib tashlang. Keyin 10 bo`lak sarimsoq piyozni ham qirg`ichdan o`tkazing. Barini yaxshilab aralashtirib, ustidan 3 litr qaynab sovutilgan suv quying. 2 kun davomida qopqog`i mahkam yopilgan idishda muzlatkichda saqlang. Ertalab och qoringa va kechqurun uyqudan oldin 1 osh qoshiqdan iste`mol qilinadi.

Piyoz

Gripp epidemiyasi vaqtida bir bosh piyozni ikkiga bo`lib, 10-15 daqiqa davomida hidlang. Buni kuniga 3-4 marta takrorlang.

Sarimsoq piyoz

Bir necha bo`lak sarimsoq piyozni maydalab to`g`rang. Likopchaga solib, uxlashdan oldin boshingiz tepasiga qo`yib qo`ying. Bu bilan yotoqxonangizdagi havoni mikroblardan tozalaysiz.

Na`matak

Yarim stakan quritilgan na`matak mevalari ustidan 1 litr suv quying. Olovga qo`yib, 10 daqiqa qaynating.  Keyin 8-10 soat o`rab qo`ying-da, dokadan o`tkazib oling. Erta tongdan boshlab har 2-3 soatda bir stakandan ichib turiladi (asal, murabbo, qand solib ichish ham mumkin). Davolash kursi — 1 hafta. Na`matakni termosga solib, asal qo`shish, ustidan qaynoq suv quyib, bir kechaga qoldirish mumkin. Ertalab uyqudan uyg`onguningizcha shifobaxsh ichimlik tayyor bo`lib turadi.

Boshqa yangiliklar