AsosiyDunyo

Hindistonda Nipah virusi tarqalmoqda

'Hindistonda Nipah virusi tarqalmoqda'ning rasmi

Hindiston janubidagi Kerala shtatida ikki kishi Nipah virusidan vafot etdi. Bu haqda Press Trust of India xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, xavfli infeksiya Kojikode shahri tumanida kuzatilgan.

“Kojikode tumanida qayd etilgan ikki o`limga Nipah virusi sabab bo`lgan. Vaziyatni tahlil qilish va shtat hukumatiga yordam berish uchun ekspertlar guruhi yuborildi”, — deydi Hindiston sog`liqni saqlash vaziri Mansux Mandaviya.

Marhumlardan birining yaqini intensiv terapiya bo`limiga yotqizilgan. Rasmiy manbalarga ko`ra, Keraladan yana to`rt kishining testlari xavfli virusga tekshirish uchun Punedagi Milliy Virusologiya institutiga yuborilgan.

Rasmiylar vahimaga o`rin yo`qligi, marhum bilan yaqin aloqada bo`lganlarning bari klinikadaligini aytmoqda. Biroq shtat hukumati fuqarolarga tashqariga chiqishda ehtiyot chorasi sifatida niqoblardan foydalanishni tavsiya qiladi. 

Nipah virusi birinchi marta 1998 yilda Malayziyada topilgan. O`shandan beri kasallikning avj olishlari vaqti-vaqti bilan Osiyoda, xususan, Hindistonda kuzatilgan.

Virus miyaning yallig`lanishi va og`ir nafas olish belgilarini keltirib chiqaradi. Unga qarshi vaksina mavjud bo`lmasa-da, kasallikning 70 foiz holatlari o`limga olib keladi. Kasallik asosan ko`rshapalaklar orqali tarqaladi, deb ishoniladi. Ular mevalar, xususan, mango, banan, shirin palma sharbati bilan oziqlanadi va virusini ularda qoldiradi.

Ilgari Keralada Nipah virusidan o`lim holatlari 2018 va 2021 yillarda qayd etilgan.

    Boshqa yangiliklar