19 sentyabr kuni Toshkent shahrida Fuqarolikka ega emaslik masalalari bo`yicha tahliliy ma`ruza va Parlamentlararo Ittifoq hamda BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining parlament a`zolariga mo`ljallangan fuqarolik va fuqarosizlik masalalariga oid yo`riqnomasi o`zbek tilidagi nashrining taqdimoti bo`ldi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbir Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
Taqdimotda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati a`zolari, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo`yicha vakili devoni, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari va boshqa hamkorlar ishtirok etdi.
Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning O`zbekistondagi Doimiy muvofiqlashtiruvchisi Konsuelo Vidal Bryus, BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo`yicha vakili Xans Fridrix Shodder kirish so`zi bilan ochdi.
Akademik A.Saidov ta`kidlaganidek, “O`zbekiston hukumati mamlakatimiz hududida fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish yo`lida qat`iy qadamlar qo`ymoqda. Mamlakatda 2014 yildan e`tiboran yuz ming nafardan ziyod shaxsning fuqarolikka ega emasligi aniqlangan bo`lib, o`tgan davrda shundan 83 ming 793 nafarining bu muammolari ijobiy hal etilgan”.
Shuni ham ta`kidlash joizki, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasining Uchinchi qo`shma yillik rejasi doirasida O`zbekistonning fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik to`g`risidagi milliy qonunchiligi har tomonlama huquqiy tahlil qilindi. Shuningdek, qonunchilik bilan amaliyotni uyg`unlashtirishga oid kelgusidagi chora-tadbirlar tavsiya etildi.
Fuqarolik va fuqarolikka ega emaslik bo`yicha parlament a`zolariga mo`ljallangan yo`riqnoma – global nashr bo`lib, unda fuqarolikka ega emaslik ko`lamini qisqartirishga taalluqli amaliy qadamlar bayon etilgan. Nashrda uzoq muddatga cho`zilgan fuqarosizlik vaziyatiga maqbul echim topishda hukumatlar, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamjamiyatning birgalikdagi sa`y-harakatlari hal qiluvchi ahamiyat kasb etganiga oid hayotiy misollar ham keltirilgan.
K.Vidal Bryus xonimning qayd etishicha, “Fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatish yo`lidagi sa`y-harakatlar Barqaror taraqqiyot maqsadlari va uning “hech kimni ortda qoldirmaslik” degan asosiy prinsipiga mos keladi. Binobarin, bularning barchasi insonlarning integrasiyasi va himoyasini ta`minlashga qaratilgan”.
Fuqarolikka ega emaslik yoki muayyan shaxsning qaysidir mamlakat fuqarosi sifatida tan olinmasligi vaziyatini butun dunyoda millionlab insonlar o`z boshidan kechirmoqda. Fuqarolikka ega emas va zarur hujjatlarsiz shaxslar asosiy huquqlari, jumladan, ta`lim olish, rasman ishga joylashish, tibbiy xizmat yoki nikohini rasmiylashtirish huquqlaridan ko`pincha foydalana olmaydilar.
BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi 2014 yili fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatishga qaratilgan “#IBelong” global kampaniyasini boshlagan. Hozirga qadar O`zbekiston fuqarolikka ega emas shaxslar huquqlarini ta`minlashda yaqqol natijalarga erishdi. O`zbekistonning bu boradagi ulkan yutug`i shundaki, mamlakatda 2020 yili fuqarolik to`g`risidagi qonun takomillashtirildi va tug`ilish holatlarini ro`yxatga olish amaliyotiga o`zgartirishlar kiritildi.
BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi Universal davriy hisobotining 2018 yili bo`lib o`tgan 30-sessiyasida O`zbekiston Hukumati 1954 yilgi Apatridlar maqomi to`g`risidagi konvensiyaga va 1961 yilgi Fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish to`g`risidagi konvensiyaga qo`shilish yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni ma`qulladi. Shuningdek, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda joriy haftada shaxsning fuqarolikka ega emaslik maqomini aniqlash tartib-taomillari hamda 1954 yilgi Konvensiyaning standartlari bo`yicha texnik seminar o`tkazadi.
Shu haqda fikr yuritar ekan, “Biz 2024 yilgacha fuqarolikka ega emaslik holatlarini tugatishga qaratilgan #IBelong” kampaniyasi maqsadlariga erishish, jumladan, 1954 va 1961 yilgi Fuqarolikka ega emaslik holatlari to`g`risidagi konvensiyalarga qo`shilish yuzasidan bildirilgan tavsiyalarni ma`qullashi borasida O`zbekiston Respublikasini qo`llab-quvvatlash ahdimizda avvalgidek sodiqmiz”, dedi janob X.Fridrix Shodder.
Ma`lumki, 2023 yil birinchi yarmiidagi holatga ko`ra, O`zbekistonda 25 ming 413 nafar fuqarolikka ega emas shaxs yashaydi. Bu – Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida eng katta ko`rsatkich bo`lib, ayni shaxslarning aksariyati sobiq Sovet ittifoqining sobiq fuqarolari va ularning avlodlari hisoblanadi.
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yildan buyon BMT Qochoqlar ishlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Bunda Universal davriy hisobotning fuqarolikka ega emaslik holatlarini kamaytirish va tugatish hamda qochoqlarni himoya qilishga taalluqli tavsiyalarini bajarishda O`zbekistonning mavjud salohiyatini rag`batlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda.