Poytaxt markazida qurilgan yangi ko‘p qavatli uy hali egalariga topshirilmasdanoq kuni kecha yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan so‘ng dahshatli manzara kasb etib qoldi. 11 qavatli uyning zinalari sinib, yeri cho‘kib, binoning tagi ochilib qolgan.
Mazkur ko‘p qavatli uyning muammosi aslida birgina bu emas...
Toshkent shahri, Shayxontohur tumani Gulobod ko‘chasi 234-uy manzilidagi yangi ko‘p qavatli turar joy majmuasi "ROAF ART HOUSE" MCHJ tomonidan qurilgan.
Xaridorlar bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, turar joy binosi 2021 yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq dastlab 170 ta xonadon va 10 qavatdan iborat deyilgan uy ikki yildan buyon egalariga topshirilmasdan kelinmoqda. 2020 yilda uy uchun to‘lov qilganlar orasida "bir yil chidasak, yangi uyga ko‘chib o‘tamiz" deb, o‘zi yashab turgan xonadonini sotib bor pulini berganlar anchagina. Shundoq ham uyini hozirgacha ololmay yurgan xaridorlar binoning kechagi yomg‘irdan keyingi holatidan yana-da xavotirda.
Qurilish sifati hozirdanoq shubha uyg‘otayotgan turar joy binosi kelgusida unda yashovchilarning xavfsizligiga javob berarmikan?! Masʼul davlat organlaridan holat yuzasidan munosabat kutib qolamiz.