3 yildan beri “Barkamol avlod” bolalar maktabining robototexnika to`garagiga qatnaydigan Ozodbek Hoshimov odamlarni is gazidan saqlab qoladigan ixtiro yaratdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, Ozodbek Hoshimov Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining "Robototexnika" to`garagi a`zosi. U Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o`quvchisi.
Ozodbek gaz, olov va tutun yuzaga kelganda xavf haqida tegishli xizmatlarga ogohlantirish SMS xabarnomasini yuboruvchi qurilma ixtiro qildi.
Bunday g`oya qanday yuzaga keldi degan savolga Ozodbek quyidagicha javob berdi:
“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mash`um xabarlarni OAV orqali o`qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o`y keldi va buning ortidan mana shu ixtironi yaratish g`oyasi tug`ildi. Agar ushbu ixtiro tegishli xizmatlar bilan integrasiya qilinsa, albatta bunday baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga ishonaman”.
Qurilma yong`in xavfi yuzaga kelganda, uy egalarini ogohlantirish bilan birga o`t o`chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokasiya yuborib, SMS xabarnoma tashlaydi. Ayni damda Ozodbekning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.
Ozodbekka ushbu ixtironi yaratishda to`garak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchilik qilgan. 22 yoshda bo`lgan ustoz 2019 yildan buyon Shayxontohur tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabida to`garakka rahbarlik qiladi.
U rahbarlik qilayotgan to`garak a`zolari Respublika hamda Xalqaro miqyosda bo`lib o`tgan ko`plab tanlovlar g`olibi bo`lgan.